«Ta’lim sohasini rivojlantirish — g‘oyadan tortib o‘quv jarayonini ta’minlashgacha»
“ELXOLDING” IIChBga 1988-yilda asos solingan. Bu yili o‘z faoliyatini qurilish, kimyo, tibbiyot va xalq xo‘jaligining boshqa tarmoqlari uchun yangi texnologiyalarni ishlab chiqish hamda joriy etishga yo‘naltirgan “Bo‘ron” kooperativi tashkil etilgan edi. Kompaniya 1997-yildan buyon fizika, kimyo, biologiya, astronomiya xonalari uchun o‘quv-laboratoriya uskunalari, mebellar va ko‘rgazmali qurollar, shuningdek, matematika, chizmachilik, ona tili va xorijiy tillar hamda boshqa maxsus fanlar bo‘yicha ko‘rgazmali vositalar ishlab chiqarish va yetkazib berishga ixtisoslashgan.
Korxonaning 2 gektar maydondagi o‘z ishlab chiqarish maydonlari 9000 kv. metrni, ijaraga olingan maydonlar esa 1000 kv. metrni tashkil etadi.
Bugungi kunda “ELXOLDING” IIChB xodimlarining umumiy soni 450 nafardan oshadi. Ulardan: 4 nafari fan doktori, 14 nafari fan nomzodi, 162 nafari esa bakalavr va magistr darajasiga ega mutaxassislardir.
Hozirgi vaqtda “ELXOLDING” IIChB O‘zbekistondagi ta’lim muassasalari uchun o‘quv uskunalari va materiallarini ishlab chiqaruvchi hamda yetkazib beruvchi yetakchi korxona hisoblanadi. Kompaniya so‘nggi 10 yil davomida o‘rta maxsus o‘quv yurtlari va umumta’lim maktablariga mahsulot yetkazib bermoqda, shuningdek, o‘quv mahsulotlarini Rossiya va Qozog‘istonga eksport qilmoqda.
Fermer xo‘jaliklari uchun mo‘ljallangan uch g‘ildirakli yuk va aholi uchun ikki g‘ildirakli mototsikllarning ikki modifikatsiyasini ishlab chiqarish faoliyatning yangi yo‘nalishi hisoblanadi.
2007-yil 20-iyulda “ELXOLDING” IIChB elektr quvvati va elektronika apparaturalarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “KINAP” OAJning (Samarqand sh.) aksiyalar paketini xarid qildi. 1999-yildan boshlab “KINAP” OAJ “ELXOLDING” IIIChB bilan hamkorlikda Kadrlar tayyorlash milliy dasturini amalga oshirish doirasida umumta’lim maktablari, kasb-hunar kollejlari va akademik litseylarni jihozlash uchun elektr uskunalari, asboblar va butlovchi qismlarni ishlab chiqarib kelmoqda.