«KORCHALON» — bolalar va kattalar uchun birlashtirilgan ta’lim dasturlari.
«KORCHALON» o‘quv markazi O‘zbekistondagi ilk nodavlat ta’lim muassasalaridan biri sifatida 1991-yilda tashkil etilgan. Shu davr mobaynida Markazning intensiv va akademik kurslarida 10 000 dan ortiq kishi tahsil oldi.
Markazda ta’limni 4 yoshdan boshlab maktabgacha yoshdagi bolalar uchun mo‘ljallangan ALFA-SCHOOL’da boshlash, so‘ngra turli yoshdagi o‘quvchilar uchun ishlab chiqilgan kompleks dasturlar bo‘yicha BETA-, GAMMA- va DELTA-SCHOOL’larda davom ettirish mumkin. Ushbu bo‘linmalar faoliyatining asosiy maqsadi — o‘quvchilarga ingliz va rus tillari hamda matematika bo‘yicha puxta bilim olishga, shuningdek, biznes yuritish asoslari va muvaffaqiyat psixologiyasini egallashga ko‘maklashishdan iborat.
Lingvistika maktabida bolalar va kattalar ingliz, nemis, fransuz, o‘zbek, rus, yapon, koreys, xitoy kabi tillarda og‘zaki nutqning amaliy ko‘nikmalarini egallaydilar. 1996-yilda Lingvistika maktabi IALC Xalqaro lingvistik markazlar assotsiatsiyasi (London) tomonidan e’tirof etilgan.
Biznes-ma’muriyatchiligi maktabida o‘rta ma’lumotli tinglovchilar biznes-menedjer, ofis-menedjer, buxgalter-iqtisodchi, kotib-referent kabi mutaxassisliklar bo‘yicha kasbiy ko‘nikmalarga ega bo‘lish imkoniyatiga egalar.
Markaz 1996-yildan buyon xayriya ishlari bilan ham shug‘ullanib keladi: imkoniyati cheklangan bolalarni, ishlamaydigan ayollarni va kam ta’minlangan oilalar farzandlarini bepul o‘qitadi.