«Asosiysi — bemorlar soni emas, davolash sifatidir»
«Saif-Optima» ko‘z mikroxirurgiyasi klinikasi xalqaro standartlarga rioya qilgan holda, eng yangi texnologiya va metodikalarni qo‘llab, sifat jihatidan yangi bosqichdagi keng ko‘lamli oftalmologik xizmatlarni taklif etadi. Dunyoning bir nechta ilg‘or oftalmologiya markazlarida malaka oshirgan klinika asoschisi va direktori ularning tajribasini mamlakatimizda joriy etishga muvaffaq bo‘ldi. Misol uchun, doktor Soliyev O‘zbekistonda ilk bor kataraktani minimal jismoniy aralashuv bilan davolashning eng yangi texnologiyasi — fakoemulsifikatsiya usulini tatbiq etdi. Klinikaning boshqa afzalliklari qatorida glaukoma jarrohligidagi mikroinvaziv uslublarni hamda ushbu kasallikka eng dastlabki bosqichlarida tashxis qo‘yish imkonini beruvchi noyob uskunalar mavjudligini qayd etish joiz.
Klinika 2004-yil oktyabr oyida ochilgan. Dastlab kichik maydon va oz sonli uskunalarga ega bo‘lishiga qaramay, klinika bemorlar ishonchini qozonib, oftalmologik xizmatlar bozorida o‘zining munosib o‘rnini egallay boshladi. Hozirgi kunga kelib klinikaning salohiyati sezilarli darajada o‘sdi: shahar shovqinidan yiroqda, Toshkentning sokin va yashil hududlaridan birida joylashgan shinam, keng va chiroyli bino zamonaviy oftalmologik uskunalar va shifokorlarning yuqori malakasi bilan birgalikda har bir bemorga sifatli yordam ko‘rsatish imkonini bermoqda.
Klinika eng yuqori foyda olishga intilmaydi, balki kadrlar va texnik salohiyatni muttasil rivojlantirish siyosatiga amal qiladi. So‘nggi yillarda klinika jahon andozalariga mos keladigan va ko‘rish a’zosining holati to‘g‘risida yanada to‘liqroq tasavvur hosil qilishga yordam beradigan asbob-uskunalarni xarid qildi.
Klinika mutaxassislari ko‘z kasalliklari muammolarini tahlil qilib, bemorlar o‘z kasalliklari haqida yetarli ma’lumotga ega emasligi, oqibatda esa shifokorning eng oddiy talab va tavsiyalariga ham rioya qilmasligi haqidagi xulosaga kelishdi. Bemorlarning xabardorligini oshirish maqsadida klinikada turli ko‘z patologiyalariga oid risolalar va eslatmalar nashr etiladi, klinika shifokorlari bilan batafsil maslahatlar o‘tkaziladi. Boshqa ixtisoslashgan klinikalar bilan yaqin hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan, mutaxassislar ishtirokida konsiliumlar tashkil etiladi — bularning barchasi har bir bemorning davolanishida eng yaxshi natijaga erishish manfaatlari yo‘lida amalga oshiriladi.
Klinika o‘zining kundalik faoliyatiga fan va texnikaning eng so‘nggi yutuqlarini joriy etishda davom etadi, shuningdek, aholining turli qatlamlarini qamrab olish imkonini beradigan moslashuvchan narx siyosatini yuritadi.