Mamlakatimizning eng yirik nashriyotlaridan biri bo‘lgan «O‘zbekiston» nashriyoti 1925-yil 3-fevralda tashkil etilgan.
Bugungi kunda «O‘zbekiston» bosmaxona va dizayn xususiy korxonasi respublikadagi eng yirik korxonalardan biri hisoblanadi.
Ijodiy jamoa ijtimoiy-iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy, ma’lumotnoma, texnik va ilmiy-ommabop adabiyotlar, lug‘atlar, darsliklar, fotoalbomlar, bukletlar, prospektlar va plakatlarni nashr etadi. So‘nggi uch yil davomida chop etilgan mahsulotlarning umumiy adadi 14 million nusxadan ortiqni tashkil etdi.
Ishlab chiqarish majmuasi Heidelberg, Manugraph, Kolbus, Horizon, Muller Martini, Sigloch, Koenig & Bauer AG hamda KBA-RAPIDA kabi jahondagi yetakchi ishlab chiqaruvchilarning zamonaviy poligrafiya uskunalari bilan jihozlangan.
2004-yilda Moskva xalqaro kitob yarmarkasi doirasida o‘tkazilgan «Kitob san’ati» tanlovida «O‘zbekiston taraqqiyot yo‘lida» fotoalbomi «Oblik» nominatsiyasi bo‘yicha II darajali diplom bilan taqdirlandi.
2006-yilda mazkur tanlovda «O‘zbekistonning zamonaviy miniatyurasi» badiiy albomi «ART-kitob» nominatsiyasi bo‘yicha I darajali diplom bilan taqdirlandi.