MD Mirzakarimova Dilfuza Abdurahmonovna
O‘zbekistonning 100 ta eng muvaffaqiyatli top-menejeri

Mirzakarimova Dilfuza Abdurahmonovna

Bosh direktor ShK «GGM-TRAVEL»
«Zamon bilan hamnafas qadam tashlash!»

1977 yil 22 fevralda Bekobod shahrida tug‘ilgan.
Shirin shahridagi energetika texnikumini tamomlagan.
Nizomiy nomidagi TDPUning psixologiya fakultetida tahsil olmoqda.
2009-yildan beri “GLOBAL GAZMONTAJ” MChJning sho‘ba korxonasi — “GGM Travel” sayyohlik kompaniyasining bosh direktori.
Turmushga chiqqan, uch farzandning onasi.

Har narsaning o‘z vaqti-soati bor. Bundan 14 yil avval Bahodir Bosimovich Mirzakarimovga turmushga chiqdim, 10 yil uy-ro‘zg‘or, farzandlar tarbiyasi bilan band bo‘ldim. Ishimni esa juda sog‘inardim. Turmush o‘rtog‘im: «Shoshilma, vaqti kelib hammasi bo‘ladi», der edilar. Oradan uch yil o‘tib, ular sayyohlik firmasi ochdilar va men butun vujudim bilan ishga sho‘ng‘ib ketdim. Yashirmayman, biznesda yangi odamga oson emas. Lekin... men suv yuzida turibman va turmush o‘rtog‘im cho‘kishimga yo‘l qo‘ymaydilar! Ofislarimiz yonma-yon joylashgan, men ularning boy tajribasini qunt bilan o‘rganaman, psixologiya va diplomatiyadan saboq olaman, odamlar bilan muloqot qilish tajribasini orttiraman — turizm sohasida tili burrolik, har bir mijozning ko‘ngliga yo‘l topa bilish juda muhim. Kichkina qayiq katta kemaga ilashib olsa, u qayerga suzsa, o‘sha yerga yetib olishi osonroq kechadi. Ammo kun sayin o‘zimga bo‘lgan ishonchim ortib, o‘zimning va atrofdagilarning nazarida yuksalib boryapman. Va o‘z muvaffaqiyatlarim bilan ustozim bo‘lgan turmush o‘rtog‘imni xursand qilyapman.

MENING ISHIM AJOYIB! Men sayohat qilishni yaxshi ko‘raman, yangiliklarni ko‘rish va o‘rganish menga qiziq, ammo birovlarning gapi bilan emas, o‘z ko‘zim va qalbim bilan his etishni istayman. Nima bo‘lishidan qat’i nazar, mijozlarga ongli ravishda va ishonch bilan tavsiya qilish uchun barcha turlarni avval o‘z tajribamdan o‘tkazaman.

“GGM TRAVEL”da har bir xodimning o‘ziga biriktirilgan vazifasi bor. Rahbar vaqtini reyslarni ulash va sug‘urta kabi ishlarga sarflamasligi kerak. Vazifalarning puxta taqsimlanishi joriy yumushlarning bir qismidan xalos etib, yangicha g‘oyalar tug‘ilishiga imkon beradi.

SHUNDAY G‘OYALARDAN BIRI: Toshkentda qadimiy Shoshning muqobilini yaratish. Tasavvur qiling: to‘rt darvozali tosh shahar, ichkarisi esa paxsa devorlar va eng mayda tafsilotlarigacha qayta tiklangan olis o‘tmish. Kulol ko‘za yasayapti, maydonda jarchi bir ohangda farmon o‘qiyapti, savdogar olma to‘la savatini ko‘tarib, “Olma boooor!” deya baralla qichqirmoqda. To‘satdan shovqin-suron ko‘tarilib, bir o‘g‘ri qo‘lga tushdi! Va qadimiy qonunlarga ko‘ra, uning bilagini chopib tashlashdi. Bu, albatta, sahna ko‘rinishi... Qadimiy liboslardagi odamlar qadimiy shahar ssenariysi bo‘yicha hayot kechiradi. Sayyohlar ichkariga qadam qo‘yib, qadimiy Shosh muhitiga tushib qoladilar, xalqimizning o‘sha davrlarga xos bo‘lgan o‘ziga xos an’analariga guvoh bo‘ladilar. Zero, zamonaviy madaniyatimizning poydevori aynan o‘sha asrlarda qo‘yilgan. Hozircha bu shunchaki go‘zal bir nazariya, biroq biz o‘z g‘oyalarimizni doim hayotga tatbiq etamiz. Va bizning san’at muzeyimiz albatta quriladi!

DAM OLISH — FAQAT OILA DAVRASIDA! Ish yuzasidan ko‘p sayohat qilaman va “nega farzandlarim yonimda emas?” degan o‘y sira tinchlik bermaydi. Nega ular men ko‘rayotgan narsalarni ko‘rmayaptilar? Yaqinda butun oilamiz bilan ta’tilga chiqdik, deyarli yarim samolyotni band qilib bordik va hammamiz baxtiyormiz: bu ham bizga, ham bolalarimizga foydali bo‘ldi!

ISHDAN SO‘NG uyga shoshaman, bolalar bilan maroq bilan dars tayyorlayman, qizalog‘im bilan ovora bo‘laman. Men qaynonalarim — turmush o‘rtog‘imning onasi va buvisidan katta kelinlik hayot maktabini o‘tayapman, ulardan hayotiy hikmatlarni o‘rganyapman.

KATTA bir ro‘zg‘orning markazidaman: men sadoqatli rafiqa, uch farzandning g‘amxo‘r onasi, ikki qaynonaning yaxshi kelini, sho‘ba korxonaning bilimdon rahbariman. Men o‘zimning kichik olamimni to‘g‘ri boshqaryapman va shu tufayli zanjirimiz uzilmayapti, turmush o‘rtog‘im bilan umumiy jamoamiz to‘xtovsiz olg‘a bormoqda!

Kompaniya haqida

ShK «GGM-TRAVEL»

«GGM Travel» sayyohlik kompaniyasi — Siz bo‘lishni istagan maskanda doim hamroh!

Kompaniya O‘zbekistonga tashrif buyuruvchilar uchun ham, xorijga safar qiluvchilar uchun ham barcha turdagi sayyohlik xizmatlarini ko‘rsatadi.
Har bir mijozga alohida yondashuv — kompaniyamiz an’anasidir. Mijozning istaklarini inobatga olgan holda, individual turpaket tayyorlanadi. «GGM Travel» professional jamoasi har bir sayyohga o‘zi orzu qilgan ta’til yoki xizmat safarini tashkil etishda yordam beradi.
Oq yo‘l! Safaringiz bexatar bo‘lsin!

Manzil
...
Telefon
...