UB Umarov Bobur
O‘zbekistonning 100 ta eng muvaffaqiyatli top-menejeri

Umarov Bobur

«Biznes xuddi velosiped haydashga o‘xshaydi: pedal aylantirishdan to‘xtasangiz, yiqilasiz…»

1979-yil 6-oktyabrda Namangan viloyatining Chorkesar qishlog‘ida tug‘ilgan.

1999–2003-yillarda O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining “Xalqaro jurnalistika” fakultetini tamomlagan.

2001–2007-yillarda “Yosh kuch”, “Sinfdosh”, “Hamshira” nashrlarida jurnalist; “Avto Olam” nashrida jurnalist, dizayner, sahifalovchi va fotograf sifatida faoliyat yuritgan.

2005-yilda ITAR-TASS axborot agentligining muxbiri bo‘lgan.

2005–2007-yillarda “Simplitsissimus” va “Shinavanda-Print” bosmaxona kompaniyalariga rahbarlik qilgan.

2007–2010-yillarda Rossiyada tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullangan.

2011-yil fevral oyida “UU-MARKET” Savdo belgisi ostida faoliyat yurituvchi “SHINAVANDA-SAVDO” MChJga asos solgan.

Bo‘ydoq.

“Barcha qilinayotgan ishlar yaxshilikka”, — bu ojizlarning bahonasi. Men esa o‘z hayotimga o‘zim dirijyorlik qilishni, taqdirimni o‘zim yaratishni afzal ko‘raman.

TO‘SATDAN amakim vafot etgach, uning poligrafiya kompaniyasi bilan shug‘ullanishimga to‘g‘ri keldi, aks holda ko‘chmas mulk va boshqa mol-mulkni sotishga majbur bo‘lardik. Firmaning kreditlari (qarzlari) ko‘p edi, biroq men yarim yilda qarzlarimdan qutulib, rentabellikka chiqdim. Yangi uskunalar xarid qilishni boshlab, oq-qora bosmadan rangli keng formatli bosmaga o‘tishni rejalashtirayotgandim. Ammo “Simplitsissimus”ni tark etishga majbur bo‘ldim…

QIYINCHILIKLAR toblaydi: insonda tahliliy aql va kombinator tafakkur rivojlanadi. Ideal sharoitning yo‘qligi oldinga harakat qilishga majburlaydi va miya atrofiyaga uchramaydi. Oradan ma’lum vaqt o‘tib, bu albatta o‘z samarasini beradi!

JURNALISTIKA butun vaqtimni olardi. Hozir esa o‘z ishim bor, o‘zimga o‘zim xo‘jayinman va ko‘p narsaga imkoniyatim bor: blog yuritish, musiqa bilan shug‘ullanish, do‘stlar bilan muloqot qilish — biznes men uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochdi.

MENDEK ashaddiy gumanitariyning birdaniga biznesga kirib ketishi hamma uchun kutilmagan hol bo‘ldi. Lekin men jurnalistligimcha qolaman, yozishda davom etaman va bu endi ancha oson, chunki ko‘z oldimda jonli material turibdi, uni yo‘qdan bor qilishning hojati yo‘q.

SHARQDA sivilizatsiya bozor bor joyda gullab-yashnaydi. UU-MARKET tuman miqyosida gastronomik madaniyatni shakllantirmoqda. Biz ikki xil narxni taklif qilamiz: yuqori — standart narx va quyi — UU-kartalari egalari uchun 5% chegirmali narx. Bayram kunlari bu chegirma hamma uchun amal qiladi. UU-kartalarining g‘oyasi mahsulotlarni bo‘lib to‘lash asosida sotishdan iborat. Yaxshi kredit tarixiga ega mijozlarga biz ma’lum miqdordagi depozitli kartochka beramiz va u 20 kun ichida qarzini qaytaradi. Xaridor haqidagi barcha ma’lumotlar shtrix-kodda saqlanadi. Ko‘pchilik bu g‘oyaga shubha bilan qaraydi, lekin menda har bir xaridorning tarixi bor, shu sababli UU-kartalarning bo‘lajak egalari ishonchli ekaniga aminman. Bu xizmat hali hech qayerda sinab ko‘rilmagan, biroq men unga katta umid bog‘laganman.

AN’ANAVIY uslubda ishlash jonga tegadi. Biz innovatsiyalarni bosqichma-bosqich joriy etib, biznesni masofaviy shaklga o‘tkazyapmiz: mijoz mobil qurilmalar yordamida maxsus dastur orqali xaridlar savatini shakllantiradi. Ma’lumotlar bazasida mahsulotlarning 3D-panoramalari to‘plangan bo‘lib, ularni har tomonlama ko‘rib chiqish mumkin. Yana bir g‘oyamiz — mahsulotlarning umumiy qiymatini ko‘rsatuvchi datchikli interaktiv savatcha: tablo ma’lumotni o‘qiydi va mijoz qancha summaga xarid qilayotganidan xabardor bo‘lib turadi.

“YUVELIRIUM” zargarlik brendini yaratish ishlari yakunlanish arafasida. Asosiy urg‘u servisga qaratiladi. Bizga shaharning istalgan chekkasidan kelish mumkin bo‘ladi va biz taksi uchun yo‘l haqini o‘z zimmamizga olamiz. O‘ylaymanki, mijoz servis darajasini baholab, albatta xarid qiladi.

TADBIRKOR uchun nozik hissiy tafakkurga ega bo‘lish, muloqot qila olish va qiyinchiliklar oldida dovdirab qolmaslik, uddaburon bo‘lish, kelishib muammolarni hal qila bilish, murosaga borish va hech qachon tushkunlikka tushmaslik muhim. Aks holda — halokat muqarrar!

BIZNES — jamiyat zanjirining eng muhim halqasi, ijtimoiy loyihalar unga tayanadi. Shuning uchun men aminman: mamlakatda yangi brendlar va kompaniyalar sonini bor kuch bilan ko‘paytirish kerak, aynan ular davlatning harakatlantiruvchi kuchidir.

YOLG‘IZ ijodkorlar davri o‘tdi, bugun jamoaviy o‘yin, bir kishi uddalay olmaydigan yirik loyihalar zamoni. Biz — turli soha mutaxassislari qancha ko‘p bo‘lsak, bir jamoada, yagona zanjirda bo‘lishni qanchalik yaxshi eplasak, shuncha yaxshi. Men — kompaniyaning asosiy bo‘g‘ini, uning yuziman, barcha qarorlar mening qo‘limdan o‘tadi, biroq katta ishni bir o‘zim eplay olmayman.

BIZNESDA faqat paranoiklar omon qoladi. Men ishlayotganda dam olaman, dam olayotganimda esa ishlayotgan bo‘laman, shuning uchun “dam olib dam olishni” yomon ko‘raman. Biznes velosiped haydashga o‘xshaydi: pedalni aylantirishdan to‘xtasangiz — yiqilasiz. Agar men to‘xtasam, ish ham to‘xtaydi. Ishning o‘zi — hayot. Men esa barcha yangi va qiziqarli narsalarga o‘chman va bu mening asosiy harakatlantiruvchi kuchimdir.

MEHNAT — inson uchun eng asosiy muqaddas qadriyatdir. Kimki mehnatsevarlikni birinchi o‘ringa qo‘ysa, u hamma narsaga erishadi va albatta yuksak cho‘qqilarni zabt etadi.

ENG ASOSIY SABOQ — birovga emas, faqat o‘zing uchun ishlash. Shunda mas’uliyat ham, muammolar ham faqat o‘zingniki bo‘ladi. Lekin bu to‘g‘ri! Haqiqiy erkak faqat o‘zi uchun javobgar bo‘lmasligi, uning mas’uliyat maydoni kengayishi kerak. "Gladiator" filmida aytilganidek: "Haqiqiy erkak yurt uchun javob berishi lozim"!

ROHAT — o‘zlikni namoyon etishda. Mening ko‘plab uzoq muddatli ijodiy loyihalarim bor: musiqa, jurnalistika bilan shug‘ullanaman, suratkashlik va videokliplar suratga olish niyatidaman, biznesdagi innovatsiyalarga oid yana ko‘plab g‘oyalarim mavjud. Faqat barcha rejalashtirgan ishlarimni yakunlagachgina xotirjam nafas olsam bo‘ladi.

Kompaniya haqida

MChJ «SHINAVANDA-SAVDO»

«UU-MARKET» — xalq do‘konlari.

Aholi uchun kundalik ehtiyoj mollari.

O‘zbekistondagi eng innovatsion supermarketlardan biri. Toshkent bo‘ylab kecha-yu kunduz yetkazib berish. Bayram kunlari barcha mahsulotlarga chegirmalar, diskont kartalari, qo‘shaloq narxlar tizimi mavjud.

To‘lov turlari: naqd pul, plastik kartalar, pul o‘tkazish yo‘li bilan.

Manzil
100076, Toshkent sh., M. Ashrafiy ko‘chasi, 34
Telefon
71 2001800, (+998) 90 9575121
Sayt
www.schetchik.uz
E-mail
salom@schetchik.uz