JM Jumaniyazov Maksud
O‘zbekistonning 100 ta eng muvaffaqiyatli top-menejeri

Jumaniyazov Maksud

«Ilm-fanning imkoniyatlari cheksiz…»

1960-yil 17-avgustda Xorazm viloyati Gurlan tumanining Birlashgan qishlog‘ida tug‘ilgan.

1982-yilda Toshkent politexnika institutini tamomlagan.

1986-yilda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Kimyo instituti aspiranturasini tugatgan.

1987-yilda “Tarkibida geksametilentetramin saqlovchi uzoq ta’sir etuvchi o‘g‘it” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan.

1991-yildan buyon Urganch davlat universitetida dekan, prorektor, “Kimyoviy texnologiyalar” kafedrasi mudiri, professor lavozimlarida ishlab kelmoqda.

2005-yilda “Sanoat chiqindilari asosidagi korroziyaga qarshi materiallar kimyosi va texnologiyasi” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan. 11 ta ixtiro uchun patent va 1 ta mualliflik guvohnomasi sohibi. 200 dan ortiq ilmiy ish, 15 ta o‘quv-uslubiy qo‘llanma muallifi. Uning qalamiga mansub “Sanoat chiqindilarini qayta ishlash kimyosi va texnologiyasi” monografiyasi ushbu sohadagi birinchi qo‘llanma bo‘lib, olimlar va talabalar tomonidan ilmiy faoliyatda keng qo‘llanib kelinmoqda. Ilmiy ishlari Avstraliya, Germaniya, Xitoy, Rossiya, O‘zbekiston ilmiy jurnallarida hamda ko‘plab xalqaro anjumanlarning tezislar to‘plamlarida nashr etilgan. RIIK (Rossiya) jurnalining tahrir hay’ati a’zosi.

2008-yildan “Xorazm Antikorr Invest” xususiy korxonasi ta’sischisi.

Oilali, uch nafar farzandi bor.

Men olis Birlashgan qishlog‘ida ulg‘ayganman. Maktabdagi kimyo o‘qituvchim tajribalarga bo‘lgan ishtiyoqimni uyg‘otganlari tufayli bu fanni sevib qolganman. Uch karra respublika olimpiadasida g‘olib chiqqanim meni Politexnika institutiga kimyo fanidan kirish imtihonlaridan ozod qilardi. Lekin men o‘zimni bunday zavqdan qanday mahrum etaman? Kimyo bo‘yicha respublika chempioni imtihon topshirdi! Olis hududlarda ulg‘aygan yoshlar, hech qachon “qo‘limdan hech narsa kelmaydi” degan xayolga bormang! Aynan har biringizdan naf tegadi!

KIMYO-TEXNOLOGIYA FAKULTETI TASHKIL ETILGANIGA 25 YIL BO‘LDI, men Urganch davlat universitetida faoliyat yuritib kelmoqdaman. Universitet kuchli ilmiy va o‘qituvchilik salohiyatiga ega – olti yuzga yaqin o‘qituvchi 8 000 nafar talabaga ta’lim beradi. O‘qituvchilik faoliyatim davomida uch nafar fan nomzodi, 10 nafar magistr va 3 000 nafardan ortiq bitiruvchini chiqardim. Biz o‘quv-tarbiya jarayoniga ilg‘or tajribalarni joriy etyapmiz, moddiy-texnik bazani mustahkamlayapmiz, professor-o‘qituvchilar tarkibini olimlar bilan to‘ldirishga intilmoqdamiz. Talabalarimiz – respublika fan olimpiadalari g‘oliblari, xorijda o‘qish uchun grantlar, Davlat va Prezident stipendiyalari sohiblaridir. O‘zbekiston korxonalaridagi korroziya muammolarini hal etadigan, xalqaro miqyosda e’tirof etilgan hamda ijtimoiy, iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy rivojlanishga hissa qo‘shayotgan ishlanmalarimiz tufayli universitet aktivlari salmoqli miqdorga – 500 million so‘mga boyidi.

BIZ VELOSIPED Ixtiro QILAYOTGANIMIZ YO‘Q, balki nafaqat mamlakatimiz, balki butun dunyo uchun noyob mahsulot yaratmoqdamiz. Neftsiz qurilish bitumlarini ishlab chiqish bizga dunyoda ilk bor bu eng yangi texnologiyani keng amaliyotga joriy etish imkonini berdi. Bizning yog‘-moy sanoatining ko‘p tonnali chiqindilaridan tayyorlangan “Korrnet” va “Premod” nomli noyob mahsulotlarimiz dunyoda muqobiliga ega emas. Respublikamizda birinchi marta chiqindisiz ishlab chiqarishga o‘tgan yog‘-moy kombinatlarining bu qimmatbaho chiqindilarni utilizatsiya qilish masalasi va ekologik muammolari hal etildi. Endi biz ilm-fan bilan asoslangan va tasdiqlangan kafolatni taqdim etgan holda sifat uchun javob beramiz.

MAMLAKATIMIZ SANOAT OBYEKTLARINING BIRINCHI DARAJALI VAZIFASI – korroziyadan himoyalanishdir. Korroziyaga qarshi materiallarga bo‘lgan ehtiyoj avvallari import hisobiga qoplanardi. Bizning vazifamiz – importni kamaytirish va mahalliy mahsulotlar eksportini oshirish. Mahalliy resurslar asosida mamlakatimiz uchun dolzarb bo‘lgan, import o‘rnini bosadigan va eksportbop, ichki bozorda qo‘llaniladigan hamda xorijda xaridorgir mahsulotlar yaratish zarur.

BIZ O‘ZBEKISTONNI butun dunyoga tanitgan BUYUK ALLOMALAR – Al-Xorazmiy, Al-Beruniy, Ibn Sino, Ulug‘bek avlodlarimiz va bundan faxrlanamiz. Ammo ajdodlarimizning xizmatlari bilan abadiy maqtanib bo‘lmaydi! Ularning xotirasiga munosib ekanimizni isbotlaydigan vaqt keldi: biz o‘z yutuqlarimiz bilan respublikamizni butun dunyoga mashhur qilib, yangi mahsulotlar ishlab chiqarishimiz va ishlanmalar yaratishimiz lozim.

Kompaniya haqida

ISHLAB CHIQARISH KORXONASI «XORAZM ANTIKORR INVEST»

«Xorazm Antikor Invest» ISHLAB CHIQARISH KORXONASI mahalliy xomashyo va sanoat chiqindilari asosida jahonda o‘xshashi bo‘lmagan, import o‘rnini bosuvchi va eksportga yo‘naltirilgan materiallarni ishlab chiqadi va ishlab chiqaradi: qurilish bitumi, zang o‘zgartirgich (modifikator), korroziyaga qarshi qoplamalar.

Fizik-kimyoviy parametrlari bo‘yicha ishlanmalar xalqaro standartlarga mos keladi, keng ko‘lamli ishlab chiqarishga joriy etilgan va xalqaro darajada tan olingan, respublika qurilish korxonalari tomonidan talab qilinadi hamda xorijga eksport qilinadi («Enter Engineering PTE», Singapur; «Eriell Corporation S.R.O», Chexiya). Bu esa mamlakat valyuta zaxiralarini to‘ldirishga va respublikaga xorijiy analog mahsulotlar importini qisqartirishga xizmat qiladi.

M. J. Jumaniyazov rahbarligida respublikaning yirik ilmiy muammolarini hal etishga qaratilgan davlat grantlari doirasidagi tadqiqotlar olib borildi.

Kompaniya ko‘rgazmalar va tanlovlarda doimiy ravishda maxsus diplomlar, faxriy yorliqlar, pul mukofotlari va esdalik sovg‘alariga sazovor bo‘lib kelmoqda. Shuningdek, kompaniya «Xalqaro sanoat yarmarkasi va kooperatsiya birjasi» tanlovida «Yilning eng yaxshi biznes g‘oyasi», «Eng yaxshi innovatsion loyiha», «Eng yaxshi innovatsion ishlanma» nominatsiyalari bo‘yicha ko‘p marotaba sovrindor va g‘olib bo‘lgan.

Manzil
Urganch sh., Sanoatchilar ko‘chasi, 21B
Telefon
(+998) 93 7454091, (+998) 94 1133004
E-mail
ximtex@rambler.ru