NE Nazarov Erkin
O‘zbekistonning 100 ta eng muvaffaqiyatli top-menejeri

Nazarov Erkin

«Har bir ishni xuddi hayotdagi so‘nggisi kabi, bor kuch-g‘ayratni sarflab bajarish kerak»

1973-yil 9-martda tug‘ilgan.

1995-yilda Toshkent farmatsevtika institutini provizor mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan.

1995–2001-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi Dori vositalarini ekspertiza qilish va standartlashtirish davlat markazida (DVESDM) kichik ilmiy xodim bo‘lib ishlagan.

2001-yilda farmatsevtika fanlari nomzodi ilmiy darajasini olish uchun dissertatsiya himoya qilgan.

2001-yilda Hindistondagi “National Institute of Pharmaceutical Education & Research” institutining “Farmatsevtika sanoatini inspeksiya qilish” kurslarida o‘qigan.

2005-yilda Toshkent farmatsevtika institutida doktoranturani tamomlagan.

2011-yilda O‘zbekiston-Yaponiya markazi huzuridagi “The 17th Professional Management Program MBA” dasturida tahsil olgan.

2002-yildan hozirgi kunga qadar DVESDM direktori. Oltmishdan ortiq ilmiy maqola, ikkita ixtiro patenti, beshta uslubiy qo‘llanma va yo‘riqnoma hamda “Farmatsevtika maqsadlari uchun suv” monografiyasi muallifi. DVESDM, markazning to‘rtta hududiy filiali hamda O‘zbekistonning o‘nta farmatsevtika korxonasini tashkil etishda ishtirok etgan. O‘zbekiston, Rossiya, Hindiston, Pokistondagi farmatsevtika korxonalarida GMP va/yoki 9001 standartlari talablariga muvofiqlik yuzasidan ellikdan ortiq inspeksiya va sertifikatsiya auditlarini o‘tkazgan. Farmatsevtika hamjamiyati uchun “GMP asoslari va qoidalari”, “Farmatsevtika ishlab chiqarishida validatsiya va risklar”, “Sifat menejmenti” va boshqa mavzularda ma’ruzalar o‘qiydi.

GMP bo‘yicha ekspert/auditor va trener/maslahatchi.

Oilali, ikki o‘g‘li bor.

Hali talabalik paytimdayoq o‘zimni dorixona xodimi sifatida tasavvur qilmasdim. 1995-yili Dori vositalari va tibbiy texnika sifatini nazorat qilish bosh boshqarmasi ochilganini bilib, ostonasidanoq “Men sizlarda ishlamoqchiman”, deya murojaat qildim. Bunday muassasalarga ko‘chadan kelgan odamni ishga olishmaydi, biroq mening omadim keldi. Laborant qilib olishdi, bir oydan so‘ng esa katta laborant bo‘ldim. Bunga parallel ravishda ilm bilan ham shug‘ullanardim va meni kichik ilmiy xodim lavozimiga o‘tkazishdi. Dori vositalari sifatini davlat tomonidan nazorat qilish va ularni ro‘yxatga olish sohasida ishladim, bugungi kunda ham ishlab chiqarilayotgan o‘ziga xos dori preparatlarini yaratishga bag‘ishlangan dissertatsiyani himoya qildim.

FAOLIYATIMDA tub burilish farmatsevtika jadal rivojlanayotgan global ilmiy markaz — Hindistondagi Milliy farmatsevtika ta’limi va tadqiqotlari institutida (NIPER) farmatsevtika korxonalarini audit va inspeksiya qilish bo‘yicha o‘qigan kurslarimdan so‘ng yuz berdi. NIPER ilm-fan va biznesni o‘zida mujassam etgan: bu yerda dunyoga mashhur professorlar ijod qiladi, yirik xorijiy korporatsiyalar dori vositalari ishlab chiqishga buyurtma beradi, farmatsevtika sanoati uchun inspektorlar tayyorlanadi. Hindistondagi institut haqidagi iliq fikrlarni eshitgan mening hurmatli ustozim va ilmiy rahbarim, ToshFarMI rektori, professor A.N.Yunusxo‘jayev shunchaki: “O‘zbekistonda ham tashkil qilamiz, hatto undan ham yaxshirog‘ini”, dedilar. Oradan bir hafta o‘tib esa meni chaqirtirib, Sog‘liqni saqlash vazirining “ToshFarMI qoshida Dori vositalarini standartlashtirish ilmiy markazini tashkil etish va ochish to‘g‘risida”gi buyrug‘ini topshirib, direktor vakolatlarini zimmamga yukladilar.

HAYOT DAVRIYDIR: bugungi kunda DVSIM faoliyati NIPERdagi ishga o‘xshaydi – biz zamonaviy farmtexnologiyalarni joriy etyapmiz, mahalliy farmatsevtika korxonalari uchun kadrlar tayyorlayapmiz. Bu nafaqat barqaror munosib daromad, balki yuksak intellektual mehnat hamdir. O‘z vaqtida loyihaga muvaffaqiyatsizlik bashorat qilingan edi: amaliy, boshqaruv bilimlari yetishmas, munosib moliyalashtirish yo‘q, qimmatbaho ilmiy ishlanmalar va tadqiqot mehnati esa kerakli darajada baholanmas edi. Ammo biz g‘ayratli olimlardan iborat eng yosh ilmiy jamoani to‘plab, bir nechta yirik va qiziqarli loyihalarni a’lo darajada bajardik. Har bir yangi vazifa biz uchun imtihonga aylanardi: uni hal qilar ekanmiz, o‘rganar, bilim va tajriba orttirar edik. Qadamma-qadam nomimiz shakllanib, endi u biz uchun ishlay boshladi, buyurtmalar paydo bo‘ldi, tashqi bozorga chiqdik. O‘shanda menda tadbirkorlik qobiliyati yuzaga chiqqan bo‘lsa kerak.

MEN ILM-FAN BILAN SHUG‘ULLANIB, uni daromad keltiradigan tarzda yo‘lga qo‘yishni yaxshi ko‘raman. Biz noodatiy loyihalardan qo‘rqmaymiz, boshqalarda yo‘q noyob mahsulot va xizmatlarni taklif etamiz. Yangi preparatlar o‘z xavfsizligi va samaradorligini hayvonlarda isbotlashi kerak – vivariy va klinika oldi tadqiqotlar bo‘limini tashkil etdik, endilikda ishlab chiqaruvchi zavodlar sinovlarni bizda o‘tkazmoqda. Farmakopeya maqolalarini ishlab chiqyapmiz, zamonaviy tahlil usullari va GMP asoslari bo‘yicha o‘quv kurslarini ochdik, farmatsevtika korxonalari uchun stajyorlar tayyorlab, mutaxassislarni amaliy ko‘nikmalar bilan bitirib chiqaryapmiz. Respublikada birinchilardan bo‘lib xorijiy farmkompaniyalarni sertifikatlashni boshladik, farmatsevtika maydonchalarida audit o‘tkazyapmiz, GMP standartlari bo‘yicha xalqaro sifat tizimlarini joriy etmoqdamiz.

BARQAROR MOLIYAVIY TA’MINOT rivojlanishga e’tibor qaratish imkonini berdi. Bugungi kunda markaz bo‘limlari tadqiqotlarning yuqori sifatini kafolatlaydigan, dunyoning yetakchi ishlab chiqaruvchilariga tegishli zamonaviy uskunalar, kimyoviy reaktivlar va tahlil asboblari bilan to‘liq jihozlangan. Markazda 40 nafar yuqori malakali mutaxassis va olim faoliyat yuritadi. Biz farmatsevtika instituti talabalari uchun nomdor stipendiya ta’sis etdik, talabalar ilmiy jamiyati tadbirlariga homiylik qilamiz, talabalar orasidan iqtidorli yoshlarni izlab topib, ularni ishga taklif qilamiz.

ILMIY BIZNES O‘ZIGA XOSDIR: bu nafaqat o‘zaro manfaatli munosabatlar, balki ilm-fan olamidagi obro‘-e’tibor, ustozlardan olingan bilimlarning davomiyligi va qadriyatiga asoslangan muayyan bir poydevor muhim sanaladigan uzoq muddatli hamkorlikka yo‘naltirilgan bo‘ladi. Biroq yuksak bilimga ega shuhratparast mutaxassislar jamoasini boshqarish juda mushkul. Men munosabatlar psixologiyasiga oid kitoblarni o‘rgandim, HR bo‘yicha treninglarda qatnashdim, Professional menejment dasturini tamomlab, yangicha dunyoqarashga ega bo‘ldim – biz yagona boshqaruv modelidan voz kechib, vazifalarni taqsimlashga o‘tdik, shaxsiy yutuqlarga emas, umumiy natijaga yo‘naltirilgan yangi jamoani tuzdik. Nafaqat innovatsiyalar va soliq imtiyozlari, balki inson salohiyati ham eng yuqori moliyaviy natijalarni ta’minlaydi.

JAHON FARMATSEVTIKA AMALIYOTIDA yangi preparatlarni yaratishga millionlab dollar sarflanadi va bunda barcha ishonadigan nomga ega muayyan bir innovatsion ilmiy markaz asosiy harakatlantiruvchi kuchga aylanadi. Bu yerda jamoa to‘planadi, laboratoriyalar jihozlanadi, asbob-uskunalar va materiallar xarid qilinib, jiddiy ishga kirishiladi. Markazimiz boy ilmiy salohiyatga ega bo‘lib, ayni shunday jarayonni joriy etish ostonasida turibdi.

Kompaniya haqida

MChJ «DORI VOSITALARINI STANDARTLASH ILMIY MARKAZI»

«DORI VOSITALARINI STANDARTLASH ILMIY MARKAZI» MChJ

BIZNING MUVAFFAQIYATIMIZ GAROVI — SIFAT, XAVFSIZLIK, HAMYONBOPLIK, PROFESSIONALIZM.

Markaz farmatsevtika korxonalari, tashkilotlar, ilmiy-tadqiqot institutlari va oliy ta’lim muassasalariga innovatsion dori vositalarini yaratish, ishlab chiqish va ishlab chiqarishga joriy etishda standartlashtirish, farmakotoksikologik tadqiqotlar o‘tkazish, xalqaro talablarni hisobga olgan holda me’yoriy hujjatlarni ishlab chiqish masalalari bo‘yicha ilmiy-uslubiy va amaliy yordam ko‘rsatadi.

Markaz xizmatlari: dori vositalari, tibbiy buyumlar, biologik faol qo‘shimchalar va davolash maqsadidagi mineral ichimlik suvlarini sertifikatlash hamda sifat nazoratidan o‘tkazish.

Sinov markazining tarkibiy bo‘linmalari: ilmiy-uslubiy, axborot-patent bo‘limlari, mikrobiologik, farmakotoksikologik laboratoriyalar, dori vositalari sifatini nazorat qilish laboratoriyasi, tibbiy mahsulotlarni sertifikatlashtirish organi, o‘quv-trening markazi.

Manzil
100045, Toshkent sh., Oybek ko‘chasi, 45
Telefon
71 2307131, 71 2561990
Sayt
dvsim.uz
E-mail
dvsim_2020@inbox.ru