Tashtayeva Nargiza
1996-yil - Toshkent davlat yuridik instituti, sud-prokuratura fakulteti.
2004-yil - “Real Protection” advokatlik firmasiga asos solingan.
Bolalikdan qolgan shiorim bor: hamisha va hamma joyda adolat tantana qilsin. Advokatlik esa endi men uchun hayot mazmuni. Men Vatanimning fidoyisiman va bir kuni shunday niyat qilganman: O‘zbekistonda barcha qonunlar ishlasin, ularning ijro mexanizmi yo‘lga qo‘yilsin, advokatura saviyasi yuksalsin, kasbimiz yuksak obro‘-e’tibor qozonsin, odamlardagi huquqqa salbiy munosabat, qonunlarni mensimaslikda ifodalanadigan huquqiy nigilizm yo‘qolsin. Ishonamanki, tez orada shunday bo‘ladi. Bugun advokatlik litsenziyasini berishda tanlov kuchaytirildi, kasb maqomi yuksalmoqda, huquqiy sohada sezilarli o‘zgarishlar ro‘y beryapti. Huquqiy madaniyatning yuksalishi bevosita ko‘rsatilayotgan yuridik yordam sifati va advokatlar soniga bog‘liq. O‘zbekistonda 30 millionlik aholiga uch mingga yaqin advokat to‘g‘ri keladi. Ularning zimmasiga qanchalik katta mas’uliyat yuklanganini anglashimiz zarur.
DAVLAT IDORALARINI, QONUNLARNI TANQID QILISH, korrupsiyani e’tirof etish mumkin, ammo agar aslida hammasi shunday bo‘lganida, tizim allaqachon qulagan bo‘lardi. Bunday gaplar bilan hech narsani o‘zgartira olmaymiz. Ishni o‘zimizdan boshlashimiz, bor kuchimizni berib ishlashimiz kerak. Faqat shundagina demokratik fuqarolik jamiyatiga erishamiz.
O‘ZINI HURMAT QILGAN YURIST har kuni o‘z ustida ishlashga vaqt ajratadi. Yangi yo‘nalishlar esa juda ko‘p: mualliflik huquqi, intellektual mulk himoyasi... Menga boshqa mamlakatlar misolida huquq analogiyasini sinchiklab o‘rganish, odamlar bilan muloqotning psixologik jihatlarini tadqiq etish qiziq.
YAXSHI ADVOKAT – bir vaqtning o‘zida psixolog, suhbatdosh, tinglovchidir. Odamlar muammo bilan keladi, biz ularni tushkunlikdan chiqarishimiz, ma’nan qo‘llab-quvvatlashimiz kerak. Qo‘lni tushirmaslik lozimligini, vaziyat nazoratda va uni hal qilish mumkinligini, hatto salbiy holatlarda ham ijobiy jihat topish mumkinligini anglatishimiz lozim. Biz ma’lumotlarni saralab, tartibga solamiz, batafsil tahlil qilamiz, huquqiy prognoz tuzamiz, ehtimoliy natijalarning bir necha variantini tanlash uchun taklif etamiz. Shundan keyingina himoyaning huquqiy pozitsiyasini belgilab, ishga kirishamiz.
HUQUQIY MADANIYAT – bu shunchaki huquqqa u yoki bu munosabat emas, avvalo, uning normalariga hurmat bilan yondashishdir. O‘tgan o‘n yillikda aholining huquqiy madaniyati darajasi sezilarli darajada yuksaldi. Bunga OAV, internet-nashrlar, televideniye va radiodagi ko‘rsatuvlar sabab bo‘ldi. Kodekslar, qonunlar, huquqni qo‘llashga doir sud amaliyoti jamlangan www.lex.uz sayti ajoyib axborot manbaidir. Yaxshi boshlang‘ich bilimga ega savodli inson uchun vaziyatni tushunib olish qiyin emas. Biz esa murakkab yuridik tushuncha va atamalar ma’nosini sharhlab berishga yordam beramiz.
ORZUYIM – maxfiylik talablariga qat’iy rioya qilgan holda bir-biri bilan yaqin hamkorlikda ishlaydigan tor doiradagi mutaxassislar – soliq, xo‘jalik, bank, oila, uy-joy masalalari bo‘yicha hamfikrlar jamoasini to‘plash.
YURIDIK SHAXSLAR BILAN ISHLASH sohasi keng qamrovli: biz korxonalarga kadrlar masalalari, ish yuritishni to‘g‘ri tashkil etish, ichki hujjatlarni tayyorlash bo‘yicha abonentlik xizmatini ko‘rsatamiz. Ammo jismoniy shaxslar bilan ishlash ko‘proq ma’qul keladi, jonli muloqot qiziqarliroq.
ADVOKATNING MUKAMMAL QIYOFASI – bu ishonch uyg‘otadigan va uni oqlay oladigan qiyofadir. Ravon va to‘g‘ri nutq, yuksak professionallik, savodxonlik, nozik didlilik, andisha – advokat, bundan tashqari, diplomat ham bo‘lishi kerak. O‘ziga ishonch xotirjamlik bilan birga namoyon bo‘ladi. Bu qiyin, lekin biz hissiyotlarga berilmay, ularni chetga sura olishni o‘rganishimiz kerak. Men esa vaziyatga sho‘ng‘ib ketaman, himoyamdagilarning tuyg‘ulari menga ham o‘tadi. Bizning kasbda empatiyaga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi.
AGAR ADVOKAT BO‘LMAGANIMDA, shifokor bo‘lardim. Ikkala kasb ham qutqaradi: shifokor – salomatlikni, biz esa – qalbni, hayotni, ozodlikni.
HAMMA NARSA OILADAN BOSHLANADI. Bolaligimdan mustaqil bo‘lib o‘sganman, mustaqillikka intilish butun umr menga hamroh bo‘lgan. Ota-onam xizmat safarlarida ko‘p bo‘lishardi, ukam bilan uchinchi sinfligimizdanoq muhim qarorlarni o‘zimiz qabul qilardik. Ota-onamdan, ayniqsa, otamdan minnatdorman: ular bizga ishonib, qattiq nazorat ostiga olishmagan. Birinchi va yagona suhbatimizda shunday deyishgan edi: “Ishonch degan tushuncha bor. Qachonki biror yomon ish qilmoqchi bo‘lsangiz, ota-onangizning ishonchini eslang va o‘zingiz hal qiling – siz uni oqlayapsizmi yoki yo‘q?”.
AGAR INSON BAXTLI BO‘LISHNI ISTASA, shunday bo‘ladi. Hammasi uning dunyoni qanday idrok etishiga bog‘liq.
АДВОКАТСКАЯ ФИРМА «REAL PROTECTION»
"Real Protection" advokatlik firmasi huquqiy xizmatlarning keng turlarini ko‘rsatadi: huquqiy masalalar bo‘yicha maslahatlar, fuqarolik ishlari (oilaviy, uy-joy, meros, mehnat nizolari va boshqalar), ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlar, jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarda hamda boshqa davlat organlarida vakillik qilish.
Firma tadbirkorlik faoliyatiga yuridik xizmat ko‘rsatishni amalga oshiradi, mediatsiya xizmatlarini taqdim etadi, yuridik shaxslarning manfaatlarini xo‘jalik sudlarida, davlat organlari va idoralarida himoya qilish hamda vakillik qilishni ta’minlaydi.
- Manzil
- 100093, Toshkent sh., Yunusobod-4 mavzesi, Amir Temur shoh ko'chasi, 1
- Telefon
- (+998) 90 9285561, 71 2217225
- Sayt
- www.realprotection.uz
- realprotection@pratonmail.com