ID Isamiddinov Dilshod
O‘zbekistonning 100 ta eng muvaffaqiyatli top-menejeri

Isamiddinov Dilshod

Ta’sischi, direktor SAVDO BELGISI «MOBIL OIL SERVIS»
«Harakat - bu hayot»

1969-yil 13-sentyabrda tug‘ilgan.

1992-yilda ToshDTI (ToshMI)ni tamomlagan.

Biznes-ta’lim sohasida kurslar, treninglar va amaliyotlarda qatnashgan.

1998-yilda «MOBIL OIL SERVIS» MChJ biznesiga asos solgan.

Oilali, to‘rt nafar qiz farzandni tarbiyalamoqda.

O‘zbekistonning 30 millionlik aholisiga 2,5 million avtomobil to‘g‘ri keladi. Bu – neft mahsulotlari iste’mol bozorining kichik bir qismigina, xolos. Bizning mijozlar bazamiz butun O‘zbekiston bo‘ylab yirik zavodlar, korporativ davlat, nodavlat va xususiy korxonalarni qamrab oladi. Mamlakatimizda erkin industrial-iqtisodiy zonalar ochilgach, mijozlarimiz soni yanada ortdi. Endilikda biz EIIZ hududlarida faoliyat yuritayotgan Xitoy, Koreya va Rossiya kompaniyalariga ham yoqilg‘i-moylash materiallarini yetkazib bermoqdamiz.

BIZ SODDA VA SAMARALI siyosat ishlab chiqqanmiz va shu tufayli 18 yildan buyon neft mahsulotlari bozorining muvaffaqiyatli ishtirokchilari safida qolib kelmoqdamiz: katta marjaga yo‘l qo‘ymaydigan moslashuvchan narx siyosati hamda a’lo darajadagi servis – O‘zbekistonning istalgan nuqtasiga bepul yetkazib berish, maslahatlar, ta’mirlash ishlari va mijozlar uchun har yili o‘tkaziladigan aksiyalar.

YOQILG‘I-MOYLASH MATERIALLARINI YETKAZIB BERISH kechiktirib bo‘lmaydigan ishdir. Energiya tashuvchilar mijozlarga tong saharda kerak bo‘ladi, biz esa doim tezkor va uzluksiz yuk jo‘natishga tayyormiz. Kunimizning eng sermahsul pallasiga tongdan tushgacha bo‘lgan vaqt to‘g‘ri keladi. Hech kim majburlamasa-da, ishga ertalab soat yettida kelaman. Chunki men ishni va unga aloqador bo‘lmagan barcha narsani aniq ajrata olaman.

VAQT – BEBAHO! Uni boy berib bo‘lmaydi. Bir marta yo‘qotdingizmi, uni hech qanday pulga qaytarolmaysiz. Biz bu dunyoga mehmon bo‘lib kelganmiz va ortimizdan bo‘shliq emas, bir qator xayrli va muhim ishlar silsilasini qoldirishimiz kerak. Vaqtni behuda sarflash – o‘z oldingdagi jinoyatdir. Men punktuallikni qadrlayman va kechikishga yo‘l qo‘ymayman, chunki bir kishining yo‘qligi umumiy ishning to‘xtab qolishiga olib kelishi mumkin. Har doim belgilangan vaqtdan oldinroq kelaman – bu ishga bo‘lgan munosabatning muhim ko‘rsatkichidir.

RAHBAR nosozliklarni bartaraf etish uchun zarur asboblar to‘plamini doim o‘zi bilan olib yuradigan mohir elektrikdek harakat qilishi lozim. Zanjir uzildimi? U darhol uning ishini tiklab, muammoni vaqtincha hal qiladi. Ammo bir narsani aniq anglaydi: ishni oxiriga yetkazish, ish jarayonini buzmagan holda natijani mustahkamlash, butun jarayonni “toza nusxada” qayta tiklash kerak. Muammoni hal qilar ekan, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan oqibatlarni oldindan ko‘ra bilish va muammo ortga qaytmas tus oladigan muhim pallani o‘tkazib yubormaslik uchun vaqtni to‘g‘ri rejalashtirish zarur.

YOLG‘ONNI HAZM QILA OLMAYMAN. Aldaydigan odam boshqa yomon ishlarga ham qodir bo‘ladi.

Insonning eng yaxshi fazilati – sadoqat. Dabdababoz odamlardan o‘zimni olib qochaman. Ular hech narsaga ega bo‘lmay, odamlarning ko‘zini shamg‘alat qilib, quruq gapdan boshqasiga yaramaydi. Men odamlarga nisbatan o‘ta talabchanman, ba’zan me’yordan oshib ketadigan jahlim chiqishi o‘zimga xalaqit beradi. Lekin menda kibr yo‘q! Agar nohaq bo‘lsam, uzr so‘ray olaman.

BUYUK TARIXIY SHAXSLARNING HAYOT YO‘LINI o‘qib, ulardan og‘ir vaziyatlardan chiqish yo‘lini ko‘rsatuvchi maslahatlar topaman. Keskin yuksalishlar va shiddatli tanazzullarning sabablarini o‘rganaman, o‘z hayotim bilan qiyoslashga harakat qilaman. Garchi o‘zganing xatosidan saboq olish o‘zing xato qilishdan ko‘ra qiyinroq bo‘lsa ham. Tafsilotlarga e’tiborli bo‘lish, o‘z vaqtida to‘xtay olish yoki keskin burilish yasay bilish muhim, aks holda biznesda uzoqqa bora olmaysiz.

CHINGIZXONNING O‘TOVI KIRAVERISHIDA bir juft eski, yag‘iri chiqqan poyabzal osig‘liq turardi. Ulug‘ xoqon unga tegib ketmaslik uchun boshini quyi egardi. Agar egilishni unutar ekan, boshi bilan urilib, bir paytlar hech kim bo‘lganini eslardi. Ilgari kim bo‘lganingni va hozir kim ekaningni hech qachon unutmasliging kerak.

Kompaniya haqida

SAVDO BELGISI «MOBIL OIL SERVIS»

«MOBIL OIL SERVIS» MChJ raqobatbardosh narxlarda yuqori sifatli sertifikatlangan neft mahsulotlarini yetkazib beradi va sotadi.

Toshkent shahrida ikkita firma do‘koni, moy almashtirish bo‘yicha servis markazi hamda O‘zbekiston bo‘ylab keng tarqalgan dilerlik tarmog‘iga ega.

Mahsulotlar assortimentiga: texnik moylar, moylash materiallari, sovituvchi-moylovchi suyuqliklar va mahalliy hamda xorijiy ishlab chiqaruvchilarning turli texnika va uskunalaridan tashkil topgan aralash parkka ega mijozlarning keng ko‘lamdagi ehtiyojlarini qondiruvchi boshqa mahsulotlar kiradi.

O‘zbekistondagi «Uz-Prista» QK, «Bashneft», «Rosneft» kompaniyalarining rasmiy dileri hisoblanadi, sifat bo‘yicha laboratoriya tadqiqotlarini o‘tkazish uchun davlat litsenziyasiga ega bo‘lgan Davlat standartlashtirish laboratoriyasi bilan hamkorlik qiladi.

Manzil
...
Telefon
...
E-mail
mos-oil@bk.ru