Shakirova Malika
1983-yil 28-sentyabrda tug‘ilgan.
2006-yilda MDUning yuridik fakultetini tamomlagan.
2006–2015-yillarda mobil aloqa operatorining eksklyuziv dileri sifatida faoliyat yuritgan, go‘zallik sanoati sohasida ishlagan.
2015-yilda hunarmand sifatida “Adras by Malika Shakirova” (“Shakirova M. M.” XT) kompaniyasiga asos solgan.
Turmushga chiqqan. O‘g‘li Amirxon va qizi Jasminni tarbiyalamoqda.
Adras mavzusi meni o‘zi topdi. Men bu matoga oshiq bo‘ldim va faqat adrasdan tikilgan liboslarni kiyadigan bo‘ldim. Shunda angladimki, men juda go‘zal ko‘rinaman, bu liboslarda o‘zimni o‘zgacha hashamatli his qilaman, yuzim go‘yo ich-ichidan nur taratayotgandek! Atrofdagilar buni sezmay qolishi mumkin emas edi, ular: “Bunday liboslarni qayerdan topsa bo‘ladi?” deb so‘rashardi.
MEN TAJRIBA QILISHNI BOSHLADIM, tikuvchilikning barcha nozik sir-asrorlarini o‘rgandim, mato tanlashni, kiyimni qomatga moslab bichishni o‘zlashtirdim. Ilgari hech qachon bunday ish bilan shug‘ullanmagan bo‘lsam-da, menda hammasi hayratlanarli darajada oson kechdi. Hozir o‘lcham olmasdan va kiyib ko‘rmasdan turib ham, har qanday qomatga libosni ideal darajada moslab tikib bera olaman.
“ADRAS” SHOURUMI OCHILGAN BIRINCHI KUNLARDANOQ odamlar misli ko‘rilmagan darajada ko‘p kela boshladi, men ularning hammasiga ulgura olmay qoldim — har bir kishi individual maslahatga muhtoj edi. Shu sababli do‘konni yopiq tartibda ishlatishga majbur bo‘ldim: mijozlar faqat oldindan kelishuv asosida keladigan bo‘lishdi. Buning evaziga esa men har bir mijozga yetarlicha e’tibor qaratish, unga rang va uslub tanlashda, aynan unga mos keladigan eng yaxshi variantni topishda yordam berish imkoniga ega bo‘ldim.
HOZIR “ADRASOMANIYA” GULLAB-YASHNAMOQDA – men bu virusni shunday atadim. Adrasni ommalashtirishni o‘zimdan boshlab, uni kundalik hayotga moslashtirdim. Bu matodan turli vaziyatlarda foydalanib, har qanday fasonni hayotga tatbiq etish mumkin.
G‘OYALAR TANQISLIGI YO‘Q, ular ketma-ket kelaveradi, amalga oshirilgan har bir g‘oya esa yangisini tug‘diradi. Men o‘z mualliflik chizmalarim va ranglarim aks etgan matolarni yarataman. Ularning besh xili tayyor bo‘ldi. Bu – faqat tabiiy, gipoallergen bo‘yoqlardan foydalanib yaratilgan noyob va takrorlanmas materialdir, chunki u ustki kiyim uchun emas, balki bevosita badanga tegib turadigan kiyimlar uchun mo‘ljallangan. Uning tanaga tegishi so‘z bilan ta’riflab bo‘lmaydigan rohat bag‘ishlaydi. Tarkibi 80% ipak va 20% paxtadan iborat bo‘lgani uchun bu tabiiy mato g‘ijimlanmaydi va amaliy xususiyatini saqlab qoladi. Bunday libosni bir marta kiysangiz, uni yechishni istamay qolasiz…
HAR BIR DIZAYNERNING o‘z didi, uslubi, yo‘nalishi va o‘z o‘rni bor, shu sababli bizning qiziqishlarimiz bir-biriga to‘g‘ri kelmaydi. Shu ma’noda mening raqobatchilarim yo‘q. Fasonlarimning o‘ziga xosligi – ularning soddaligi va qulayligida, modellarim uslubi esa vazmin va nafis, har bir buyum – eksklyuzivdir. Mening ideal mijozim – “Malika, mening obrazimni o‘zingiz yarating” deydigan ayoldir.
HAR BIR INSON O‘ZICHA BETAKROR, kimningdir xohlaganidek bo‘lish noto‘g‘ri. Taqiqlar munosabatlarning barbod bo‘lishiga olib keladi. Munosabatlarda ishonch va e’tiqod zarur, bularsiz mustahkam rishta qurib bo‘lmaydi. Men to‘g‘riso‘z va juda halol insonman, odamlarni boricha qabul qilaman, ularni ich-ichidan ko‘ra olaman, go‘yo skaner qilgandek fikrlarini o‘qiyman va kechirib bo‘lmaydigan yolg‘onni darrov sezaman. Bir marta aldagan odam, ikkinchi marta ham aldaydi – bu achchiq haqiqat. Men uchun munosabatlar puldan ustun turadi. Pul – shunchaki qog‘oz, mato esa – shunchaki xomashyo. Undan durdona asar yaratish uchun esa qalbingni baxsh etishing kerak.
YaTT «ADRAS MALIKA SHAKIROVA»
«Adras» shourumi — bu yerda siz bir lahzaga o‘tmish va hozirgi zamon o‘rtasiga ko‘chib o‘tasiz hamda G‘arb va Sharq uyg‘unligini his qilasiz. Do‘kon assortimentida adrasdan tikilgan kiyim-kechaklar, poyabzallar va aksessuarlarning mualliflik modellari mavjud. Obrazni shakllantirish bo‘yicha individual maslahatlar.
- Manzil
- Toshkent sh., 3-chi Niyozbek Yo'li tor ko'chasi, 6A
- Telefon
- (+998) 97 7505000
- malika8183@mail.ru