SU Sodiqov Ulug‘bek Odilovich
O‘zbekistonning 100 ta eng muvaffaqiyatli top-menejeri

Sodiqov Ulug‘bek Odilovich

«Halol yashab, halol ishlash, hamisha va har ishda rostgo‘y bo‘lish»

1958-yil 13-iyunda tug‘ilgan.

1980-yilda Andijon paxtachilik institutini tamomlagan.

Mutaxassisligi: muhandis-gidrotexnik.

1994-yildan — “Fusunkor” ishlab chiqarish va xususiy ochiq aksiyadorlik jamiyati direktori.

Bizning mahsulotlarimizsiz derazalarda nur yonmaydi! 1990-yilda men sinish arafasida turgan, xalq iste’moli mollarini (TNP) ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Shisha va keramika tajriba zavodi”ni qabul qilib oldim. Oyoqda turib qolish biz uchun sharaf ishi edi. Bugungi kunda korxonamiz mahsulotlarini energetika sohasi mutaxassislari yuqori baholaydi, biz 80 kishini ish bilan ta’minladik. “2013-2014-yillarda mehnat sharoitlarini yaxshilash va mehnatni muhofaza qilish dasturi” doirasida Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashining “Mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha jamoatchilik nazoratini eng yaxshi tashkil etish” respublika tanlovida ikkinchi o‘rinni egalladik. Men Andijon tumanining chekka bir qishlog‘ida shunday natijalarga erishganimdan faxrlanaman.

ENG TEZ AYNIYDIGAN MATOH – inson, eng tanqisi esa – halol inson. Hech qachon uddalab bo‘lmaydigan va’dalar bermayman, doim aniq muddatlarni aytaman. Otam, ustozim, Andijon viloyati sanoatiga rahbarlik qilgan va 40 ta kichik va yirik korxonani qurgan O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan sanoat xodimi Odil Zokirovich Sodiqov menga: “Halol yasha va ishla, har narsada rostgo‘y bo‘l”, deb vasiyat qilganlar.

YO‘LNI YURGAN YENGAR. 1994-yil – oson bo‘lmagan davr, hatto oyoqda mustahkam turgan korxonalar ham sinayotgan edi. Rivojlanish diagrammamiz keskin pastga sho‘ng‘iyotgandi, qat’iy choralar ko‘rish zarur edi. Muhandislar, texnik mutaxassislar bilan birga bozorda xaridorgir mahsulotlarni izladik, sanoat sohasidagi vaziyatni o‘rgandik va “noldan” boshlab yuqori kuchlanishli PK va past kuchlanishli PN saqlagichlarining elektr butlovchi qismlarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishga qaror qildik.

JUDA QIYIN BO‘LGAN: xorijdan elektr butlovchi qismlar yetkazib berish deyarli to‘xtab qolgandi, dastgohlarni metallolomdan yig‘ib chiqardik. “O‘zbekenergo” AJ Andijon viloyati elektr tarmoqlari korxonasi rahbariyati va muhandis-texnik xodimlari ko‘magida xodimlarni o‘qitdik, sertifikatlangan attestatsiya laboratoriyasini tashkil etdik. U yerda ishlab chiqarilayotgan har bir mahsulotni sinovdan o‘tkazamiz, energetikada ish sifati va inson hayoti bog‘liq bo‘lgan eng muhim omil – xavfsizlik texnikasi masalalarini puxta ishlab chiqamiz.

MENING MURABBIYLARIM va o‘z ishtiroki hamda oqilona maslahatlari bilan ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishda qo‘llab-quvvatlagan ustozlarim: Masharif Yusupovich Yusupov, Shavkat G‘aniyevich Rustamov, Tohir Nasriddinovich Yo‘ldoshev, Yuriy Mixaylovich Isayev, Viktor Ibragimovich G‘afurov.

O‘RTA OSIYODA bunday korxonalar yo‘q. 2006-yilda “Fusunkor” O‘zbekiston Prezidentining qaroriga asosan Mahalliylashtirish dasturiga kiritildi. Ishimiz tubdan yaxshilandi: ishlab chiqarishga soliq imtiyozlari berilmoqda, bo‘shagan mablag‘lar rivojlanishga, asbob-uskunalar xaridiga yo‘naltirilmoqda, yangi elektr butlovchi qismlar ishlab chiqilmoqda, mehnat sharoitlari yaxshilanmoqda. Biz 15 turdagi elektrotexnika mahsuloti ishlab chiqaramiz, bu energetika sohasining ichki muammolarini hal qiladi va respublikaning valyuta zaxirasini tejaydi.

BIZ ILGARILAB ISHLAYMIZ. Bozor to‘yingan. Respublikaning barcha viloyatlaridagi kuch transformatorlarida ishlayotgan chinni izolyatorlar, saqlagichlar, kontaktlarning qariyb 70 foizi bizniki. Har qanday imkoniyatdan foydalanib, yangi mahsulotlar ishlab chiqarishni joriy etamiz, men har bir mahsulotga go‘yo yangi tug‘ilgan chaqaloqdek quvonaman! Asosiy yutug‘imiz: barcha mahsulotlar – import o‘rnini bosuvchi, 100 foiz mahalliy xomashyodan o‘zimizning ishchilar qo‘li bilan yaratilgan. Tadbirkorlarga maslahatim: bo‘sh turgan o‘rinlarni izlang, respublikamizda bunday sohalar ko‘p – kimyo sanoati, energetika, gaz, mashinasozlik, to‘qimachilik va yengil sanoat – bularning barchasida mashina va mexanizmlarning risoladagidek ishlashi uchun qandaydir bir kichik detal yetishmaydi. Biz ana shunday ehtiyojni topdik va yutdik.

BIZNESDA MAYDA ISHNING O‘ZI YO‘Q. “Minnatdorchilik bilan la’nat o‘rtasi – 15 daqiqa”, – men o‘z vaqtida ish qilaman va buni boshqalardan ham talab qilaman. Rahbar muhitni yaratadi: uning sharofati bilan sinayotgan korxona oyoqqa turib, gullab-yashnashi, gurkirab turgan korxona esa bankrot bo‘lishi mumkin. Sabrli bo‘lish, shuni anglash muhim: oqmagan suv loyqalanadi. Odamlar bilan til topishishni, texnologik jarayonni boshqarishni o‘rganganingizdan keyingina haqiqiy rahbarga aylanasiz. Bugunga kelib, men to‘liq ishonadigan jamoa shakllandi, ishlab chiqarish jarayoni izga tushdi va hatto mening uzoq vaqt yo‘qligim ham o‘rnatilgan tartibni izdan chiqarmaydi. Har kim o‘z o‘rnida, har birini ismi bilan chaqira olaman. Yutuqlarimiz – to‘g‘ri hamkorlik va qo‘yilgan vazifalarni to‘g‘ri tushunish natijasidir.

Kompaniya haqida

MChJ ISHLAB CHIQARISH KORXONASI «FUSUNKOR»

«FUSUNKOR» MChJ ishlab chiqarish korxonasi ISO 9001-2008 xalqaro sifat menejmenti tizimi standartlari talablariga muvofiq import o‘rnini bosuvchi elektr butlovchi buyumlarni ishlab chiqaradi. Mahsulotlarimiz iste’molchilari — «O‘zbekenergo» AJ korxonalari hamda energetika sohasi kompaniyalaridir.

Manzil
170100, Andijon sh., Gishtxona ko‘chasi, 1
Telefon
(+998) 93 4417779, (+998) 93 9104742
E-mail
fusunkor@mail.ru