Odilov Tohirjon Ziyovuddinovich
1989-yilda Toshkent shahrida pedagoglar oilasida tug‘ilgan.
Maktabni tamomlab, akademik litseyga o‘qishga kirgan. 2010-yilda Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universitetining “Tijorat huquqi” fakultetini bakalavr darajasi bilan tugatgan. Institut tarixida ikki marta Talabalar ittifoqi prezidenti etib saylangan yagona shaxs.
2013-yilda “Menejment: Banklar va moliya” mutaxassisligi bo‘yicha magistraturani tamomlagan.
2010-yilda do‘sti bilan birga ingliz tili oromgohiga asos solgan. Bu oromgoh 2011-yildan boshlab “Happy Summer” deb nomlana boshlagan.
2015-yil yanvar oyida “Cavern Club” ochilgan.
2015-yil noyabr oyida “Puera” choyxonasi ochilgan.
Har bir startapga bir vagon sabr kerak. Ajoyib bir arab maqoli bor: «Hammasi bo‘ladi, lekin darhol emas». Natijani kuta bilish — usiz hech narsa qurib bo‘lmaydigan xislatdir. “Cavern Club” va “Happy Summer” — talabalik davridagi loyihalarimiz. Bu g‘oyalar biz Vestminsterda o‘qib yurgan kezlarimiz, talabalar uchun bazmlar, Extra tutorials, madaniyat va san’at haftaliklari tashkil qilgan paytlarimizda tug‘ilgan. Va, albatta, boshida: “Qaniydi, O‘zbekistonimizda ham ingliz tili oromgohlari bo‘lsa”, degan xayol bo‘lgan. O‘sha paytlarda odamlar ona tillaridan tashqari xorijiy tillarni ham o‘rganish zarurligini tushuna boshlagan edi. Dunyo o‘z chegaralarini kengaytirdi, internet esa ularni deyarli yo‘qqa chiqardi. Chet eldagi til oromgohlarida til o‘rganish mumkin edi-yu, ammo bu ko‘pchilikning cho‘ntagiga to‘g‘ri kelmasdi. Do‘stim bilan ilk loyihamiz — ingliz tili oromgohi ana shunday paydo bo‘lgan. “Cavern” ham “Talabalar birga dars tayyorlaydigan, fanlar va g‘oyalarni muhokama qiladigan biror joy bo‘lsa, zo‘r bo‘lardi-da”, degan fikrdan boshlangan. Bizga shunday makon yetishmasdi. Keyinchalik klub do‘stlar uchrashadigan maskanga aylandi, birgalikda filmlar, chempionatlar tomosha qilish, tug‘ilgan kunlarni nishonlash kabi imkoniyatlar qo‘shildi. Lekin talabalar hamon biznikida yig‘iladi, o‘z loyihalarini muhokama qiladi, o‘qiydi va o‘rganadi. Va xuddi biz kabi yangi startaplar o‘ylab topadi.
BIZ HECH QACHON PULGA MAQSAD DEB QARAMAGANMIZ. Hozirgi kunda eng yirik loyihamiz bo‘lgan ingliz tili oromgohimiz katta xarajat talab qiladi va boshqa loyihalar hisobidan “oziqlanadi”. U xuddi suyukli farzanddek — aqlli-yu, biroq ancha e’tibortalab va katta g‘amxo‘rlikka muhtoj. Lekin men o‘qituvchilar oilasida ulg‘ayganman va bu men uchun shunchaki biznes emas. Bolalar bilan suhbatlashishni juda yaxshi ko‘raman. Ular har narsada, hatto sho‘xlik va ayyorliklarida ham samimiy bo‘lishadi. Bu biznesning bosh g‘oyasi bir qarashda biroz dabdabali tuyulishi mumkin, ammo biz o‘z oldimizga o‘sib kelayotgan yosh avlodni tarbiyalash vazifasini qo‘yganmiz. Ularning aqlli, jasur, mustaqil va qiyinchiliklardan qo‘rqmaydigan bo‘lib yetishishini istaymiz. Shaharga qaytgach, ularning tilga bo‘lgan qiziqishi so‘nib qolmasdan, aksincha, yanada rivojlanish uchun o‘qituvchi, kurslar, to‘garaklar izlashga undashini xohlaymiz. Bu loyihada tajribamiz, hissiy sarmoyamiz, oldinga harakatni davom ettirishga bo‘lgan so‘nmas ishtiyoqimiz beqiyos ahamiyatga ega.
BIZNES HAM XUDDI BOSHQA KASBLAR KABI KASBDIR. Uning moliyaviy jihatdan muvaffaqiyatli bo‘lishi shart emas, siz shunchaki o‘zingiz sevgan ish bilan shug‘ullanasiz. Men mutaxassis sifatida bundan ancha ko‘p pul topishim, kamroq ishlashim mumkin edi, lekin shu yo‘lni tanladim. Ba’zan, miyasida biznes faqat pul degan qolip o‘rnashib qolgan yoshlarga qarab, ularga achinib ketaman. Loyiha vaqt talab qiladi. Va uzluksiz o‘qib-o‘rganishni ham. Bu xuddi xitoy tilini o‘rganishga o‘xshaydi: go‘yo hammasini o‘rganib bo‘ldim deysan-u, lekin baribir qandaydir notanish iyeroglif chiqib qoladi.
CHOYXONA OCHISH G‘OYASI “Cavern Club” g‘oyasidan avvalroq paydo bo‘lgandi. Ammo u har tomonlama puxta o‘rganishni, marketing tadqiqotlarini talab qilardi. Asosiy savol shunday edi: toshkentliklar o‘zlarini qimmat, eksklyuziv choy navlari bilan siylashni istaydimi? Turli ta’mlarni kashf etib, ichimlikdan lazzatlanishni-chi? Hozir aytishim mumkinki, g‘oya o‘zini oqladi va biz kengayishni rejalashtiryapmiz. Biz bu g‘oyaga “unib chiqishi” uchun imkon berdik, so‘ng yurtdoshlarimiz uni qanday qabul qilishini kuzatdik, shundan keyin moliyaviy hisob-kitoblarni qilib, erishilgan yutuqlar bilan to‘xtab qolmaslikka qaror qildik. Endi esa choyxonalar meynstrimga aylanishini, bu g‘oya butun shaharni qamrab olishini istaymiz. Bu — sabrning mevasidir. Uorren Baffet biznesni homiladorlik bilan juda o‘rinli qiyoslaydi. Qancha pulingiz va xohishingiz bo‘lmasin, bola belgilangan muddatdan oldin dunyoga kelmaydi. Bu menga qaror qabul qilishda juda qo‘l keladi. Biznes sohasidagi yana bir nufuzli shaxs, “Virgin Group” asoschisi Richard Brenson esa mehnatkashlik borasida ibrat namunasidir. Hech narsaga ulgurmayapman, deb o‘ylab qolganimda, uning butun dunyo bo‘ylab ishlaydigan ulkan korporatsiyasi borligini va hamma narsaga ulgurishini eslayman. Shunda mening ham ish sur’atim darhol oshadi.
BUTUN KO‘P QIRRALI BIZNESIMIZNI bolalikdan qadrdon do‘stim Sultonov Ma’rufxon bilan birga qurganmiz. Menga ham do‘st, ham sherik borasida juda omadim kulgan. Fikrlarimiz bir joydan chiqadi. Ba’zan men gap boshlayman-u, u fikrimni davom ettiradi. Shunday paytlar bo‘ladiki, o‘zaro kelishmasdan turib, bir-birimizdan bexabar holda biznes sheriklarga bir xil javob beramiz. Albatta, tortishib turamiz, lekin xoldingimizda vazifalar taqsimlangan: men “tashqi siyosat”, ommaviylik, B2C uchun, Ma’rufxon esa B2B sektori uchun mas’ul. Qachonki oramizda bahs boshlansa, yakuniy so‘zni munozarani kimning “maydonida” olib borayotganimizga qarab o‘sha odam aytadi. Barcha qarorlar o‘zaro kelishilgan holda qabul qilinadi. Hatto javobimiz nima bo‘lishini bilib turgan taqdirimda ham, Ma’rufxon o‘zining “ha” degan so‘zini aytishi uchun, “o‘ylab ko‘raman” deyman. Ammo — Nothing Personal, Just Business. Har bir davr yakunida qilingan ishlarni sarhisob qilamiz.
O‘zbekistonda biznesini pog‘onama-pog‘ona ko‘tarayotgan tadbirkorlarni CHIN DILDAN HURMAT QILAMAN. Shunchaki pul topishga intilmay, o‘zining bo‘lajak loyihalariga bor kuch-g‘ayratini sarflaydiganlarni. Biz ham “Puera” o‘rniga “Milliy taomlar” ochib, hozirgidan bir necha barobar ko‘p daromad qilishimiz mumkin edi. Lekin buning qizig‘i yo‘q.
BIZNESNING ILK SABOQLARIni menga otam o‘rgatgan. U kishi hech qachon tushkunlikka tushmasdilar. To‘qsoninchi yillarda ko‘pchilikning qo‘li ishga bormay qolganida, mening ziyoli musiqachi otam bozorga savdo qilgani chiqdilar. Men ularga yordamlashardim. Bir safar narxlarni adashtirib, nimadirni tannarxidan ham arzonroqqa sotib yubordim. Otam meni na koyidilar, na ayadilar, shunchaki xatoyimni tuzatish uchun qancha narsa sotishim kerakligini hisoblab berdilar. Shunda men ruhlanib, mahsulotni ikki hissa g‘ayrat bilan taklif qila boshladim. Bu mening hayotdagi ilk sabog‘im edi – o‘z xatti-harakatlaring uchun mas’uliyatni his qilish va xatolaringni o‘zing tuzatish. Afsuski, bir o‘qituvchi sifatida shuni ko‘ryapmanki, infantil bolalar kundan kunga ko‘payib bormoqda. Ular voyaga yetadi, nimagadir erishishni istaydi, ammo ichlariga mas’uliyat va sabr urug‘lari ekilmagan – axir, ota-onalar doim tayyor yechimni taklif qilishgan. Balki, men ingliz tili oromgohi orqali o‘zimga ishlash uchun qulay bo‘lgan o‘sha biznes muhitini yaratishga harakat qilayotgandirman. Men yo munosib raqobatchilarni, yo so‘zining qadriga yetadigan, kutishni, hisob-kitob qilishni, mulohaza yuritishni va ishlashni biladigan xodimlarni tarbiyalamoqchiman.
TA’LIM-SOG‘LOMLASHTIRISH LAGERI «HAPPY SUMMER»
«HAPPY SUMMER»
Bu shunchaki dam olish emas, bu haqiqiy Baxtli Yoz!
Lager ma’muriyati va rahbariyati bolalar hamda o‘smirlar bilan ishlashda ko‘p yillik tajribaga ega bo‘lib, bolalarning rivojlanishi va hordiq chiqarishiga qaratilgan yuqori sifatli, qiziqarli va noyob dasturni taqdim etadi. Har kuni lagerda ingliz tilini o‘rganish bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘tkaziladi. Pedagoglar har bir bolaning ingliz tili bo‘yicha bilim darajasini aniqlab, unga mos ta’lim dasturini shakllantiradilar. Lager hayotida muloqot asosan ingliz tilida olib boriladi, bu esa yangi egallangan bilimlarni amalda qo‘llash imkonini beradi.
«HAPPY SUMMER» joylashgan baland tog‘li hududning musaffo havosi, shuningdek, shifokor-dietologlar tomonidan maxsus ishlab chiqilgan muvozanatli olti mahal ovqatlanish bolalar salomatligini sezilarli darajada mustahkamlaydi.
2016-yildan boshlab ota-onalar uchun ham o‘ziga xos imkoniyat yaratildi: ular ikki kun davomida yana bir bor otryad bo‘lib yurish, sayohatlarga chiqish, shiorlarni yod olish va lager tadbirlarida qatnashish qanday bo‘lganini his qilishlari mumkin!
«PUERA TEA HOUSE»
Kundalik tashvishlardan chalg‘ish va maskanimizning iliqligi hamda shinam muhitida haqiqiy yuqori navli choylarning xushbo‘y hidlari bilan o‘ralgan holda hordiq chiqarish imkonini beruvchi kichik choy uyi. «Puera Tea House» — bu nafaqat noyob ichimlikdan bahramand bo‘lish mumkin bo‘lgan joy, balki yaqin insonlar bilan muloqot, choy ustasi tomonidan so‘zlab beriladigan choy haqidagi qiziqarli hikoyalar, choy marosimini o‘tkazish bo‘yicha mahorat darslari, eng nozik did egalarini ham qoniqtira oladigan turli xil choy navlari va, albatta, bir piyola choy ustidagi samimiy suhbat orqali yaratiladigan betakror muhitdir. «Puera Tea House»… Buni so‘z bilan ifodalash qiyin!
«CAVERN CLUB»
Toshkent uchun noyob maskan — «Cavern Club» bir emas, balki bir-biriga o‘xshamaydigan beshta mutlaqo turli kayfiyatni o‘zida mujassam etgan! Ushbu kayfiyatlar «Cavern Club» bo‘lingan beshta xona orqali namoyon bo‘ladi: sirli «Maracanda», o‘ziga rom etuvchi «Cinema», ilmiy «Techno», maftunkor «Nirvana» va zamonaviy «Retro». «Cavern Club» menyusi hech kimni befarq qoldirmaydi! Turli xil ta’mlar, yetmishdan ortiq turdagi taomlar, mazali taomlar, ichimliklar va kokteyllar, eng muhimi esa — bularning barchasidan shahar shovqini va tutunidan uzoqda, shu bilan birga poytaxtning qoq markazida bahramand bo‘lish mumkin!
Bizda har kim o‘z didiga mos mashg‘ulot topadi: karaoke orqali vokal qobiliyatlarini namoyish etish, videoo‘yinlarda tezkorlikni sinash, kino tomosha qilish yoki shunchaki mazali taomlardan bahramand bo‘lish! «Cavern Club» — bu doimo mazali, qiziqarli va ko‘ngilochar hordiqdir!
- Manzil
- Toshkent sh., Beshyog'och ko'chasi, 16
- Telefon
- (+998) 95 1963399, (+998) 95 1963322
- Sayt
- www.summer.uz
- info@summer.uz