Mastov Arkadiy
1954-yil 22-aprelda tug‘ilgan.
1976-yilda Toshkent politexnika institutining mexanika fakultetini muhandis-mexanik mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan.
1976-yildan “FOTON” OAJ ishlab chiqarish korxonasida, Toshkentdagi “Algoritm” EHM zavodida faoliyat yuritgan.
1990-yilda “Kompyuter” kooperativida bosh muhandis, korxonalarni texnik qayta jihozlash va rekonstruksiya qilish bo‘yicha loyiha rahbari lavozimlarida ishlagan.
“Maktab zavodi” xususiy korxonasida bosh muhandis bo‘lib ishlagan.
2003-yilda “Masoret-Koax” xususiy ishlab chiqarish korxonasiga asos solgan.
2010-yil mart oyida Savdo yetakchilari xalqaro biznes klubi (“Trade Leader’s Club”) tanlovida g‘olib bo‘lib, “Sifat uchun” Yevropa oltin mukofotini (“Zolotoy priz Yevropi "Za kachestvo"”) qo‘lga kiritgan.
Oilali, uch nafar farzandi va besh nafar nabirasi bor.
Har qanday korxona asbobsozlik ishlab chiqarishiga tayanadi, agar uning faoliyati to‘xtatilsa, butun jarayon muzlab qoladi. Asbobsozlikni rivojlantirish istiqbollari cheksiz va biz amalga oshira olmaydigan biror loyihaning o‘zi yo‘q. Kuchli konstruktorlik bo‘limimiz tufayli har qanday murakkablikdagi buyurtmalarni bajara olamiz. Biroq bu shunchaki biznes emas, balki chuqur bilim va yuksak malaka talab qiladigan kundalik, mashaqqatli, og‘ir va ayni damda juda qiziqarli ishdir. Mening omadim kelgan – atrofimda o‘z sohasining chinakam ustalari, o‘ta aqlli insonlar bor. Biz ular bilan birgalikda texnologik jihatdan murakkab asboblarni ishlab chiqamiz, sanoatning turli sohalari uchun zarur bo‘lgan mahsulotlarga mo‘ljallangan noyob press-qoliplarni yaratamiz.
YANGI EKOLOGIK YO‘NALISHNI JORIY QILDIK – svetodiodli chiroqlar ishlab chiqarish, fotoelektr stansiyalari va uzluksiz quvvat manbalari tizimlarini ishga tushirish. Bugungi kunda O‘zbekistondagi ko‘plab kompaniyalar ana shunday uskunalar bilan jihozlangan. Hozirda LED-chiroqlar uchun detallar – svetodiodli yo‘lakchalar hamda qurilmaga uzluksiz elektr toki yetkazib beruvchi elektron bloklar ishlab chiqarish bo‘yicha Mahalliylashtirish dasturiga kirish uchun hujjatlar tayyorlayapmiz. Bu detallarning drayverlari esa elektronika bo‘yicha mutaxassislarimiz tomonidan “noldan” boshlab ishlab chiqilgan.
SIZDA BOR VAQT – bu sizda yo‘q pullardir. Boshqacha aytganda, olgan ta’limingiz, bilim va tajribangiz keyinchalik (ertaga emas!) sizga daromad keltirishi uchun yoshlikda ko‘p narsani o‘rganishingiz kerak. Bugun yoshlar uchun barcha eshiklar ochiq. Ammo biznes uchun o‘zingiz eng yaxshi biladigan va uddalay oladigan ishni tanlash lozim. Siqilinch bo‘lmasligi uchun past raqobatli sohaga kirish, bo‘sh o‘rin izlash kerak. Eng muhimi – faqat pul uchun emas, balki huzur-halovat uchun ishlash. Sendan boshqa hech kim yasay olmaydigan qandaydir bir temir parchasini yaratish, go‘yo eng baland qoyaga faqat sen chiqa olganingdan tuygan yoshlikdagi baxt hissiga tengdir. Biznesda romantikasiz bo‘lmaydi.
QOIDALAR ODDIY – biznesni halol yuritish kerak! Har narsa uchun mas’uliyatni o‘z zimmangga ola bilishing lozim, o‘z ishing esa bunga imkon beradi. Yuksak maqsad qo‘yib, yo‘l-yo‘lakay “oraliq” orzularni ro‘yobga chiqargan holda, butun umr shu maqsad sari intilish darkor. Unga erishish uchun ko‘p narsadan voz kechishga tayyor turish kerak. Zero, “muhimi biz tanlagan yo‘llar emas, balki ichimizdagi aynan shu yo‘llarni tanlashga undaydigan kuchdir”.
AGAR ODAM YUGURISHGA O‘RGANGAN BO‘LSA, u yugurishi shart! To‘xtasa, o‘ladi. Shu bois, nafas olar ekanman, yugurishda davom etaman. ”.
XUSUSIY ISHLAB CHIQARISH KORXONASI «MASORET-KOAX»
«Masoret-Koax» xususiy ishlab chiqarish korxonasi asbobsozlik, elektrotexnika va yoritish texnikasi jihozlarini ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi.
Kompaniya texnologik osnastka — plastmassa va metall uchun shtamplar hamda press-qoliplar, shuningdek, turli maqsadlarga mo‘ljallangan LED yoritgichlarni ishlab chiqaradi. «Masoret-Koax» mavjud yoritgichlarni modernizatsiya qilish, fotoelektrik tizimlar va uzluksiz elektr ta’minoti tizimlarini hisoblash, montaj qilish hamda ishga tushirish va sozlash ishlarini amalga oshiradi.
LED yoritgichlar tarkibida simob bug‘lari va boshqa zararli aralashmalar mavjud emas hamda maxsus utilizatsiyani talab qilmaydi. Ular past energiya sarfi (gaz razryadli yoritgichlarga nisbatan 4–6 baravar va cho‘g‘lanma lampalarga nisbatan 8–10 baravar kam) hamda uzoq xizmat muddati — kamida 50 000 soat (gaz razryadli va energiya tejamkor lampalarga nisbatan 5–8 baravar ko‘p) bilan ajralib turadi.
- Manzil
- ...
- Telefon
- ...