TT Temchuk Tatyana Stepanovna
O‘zbekistonning 100 ta eng muvaffaqiyatli top-menejeri

Temchuk Tatyana Stepanovna

Bosh direktor MChJ «MASTER PRINT»
«Sifat - kasbga bo‘lgan muhabbatdir»

1950-yil 25-mayda tug‘ilgan.

Farg‘ona politexnika institutini «Matbaa ishlab chiqarish texnologiyasi» mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan.

1973–1999-yillarda Toshkent «Matbuot» poligrafiya birlashmasida sex muhandis-texnologidan bosh direktor o‘rinbosari lavozimigacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tgan.

1999–2002-yillarda «Groteks» qo‘shma korxonasi bosh direktori o‘rinbosari bo‘lib ishlagan. Bu kichik korxona qisqa vaqt ichida poligrafiya xizmatlari bozorida yetakchiga aylangan.

Hozirgi vaqtda «Master Print» kompaniyasini boshqarib kelmoqda.

Men uxlayotib, hayot quvonchdan iborat, deb tush ko‘rdim!

Uyg‘onib, hayot burch ekanini angladim.

Men ishladim va burchning o‘zi quvonch ekanini ko‘rdim!

Rabindranat Tagor


LIDER BO‘LISH juda oson. Buning uchun mas’uliyatni o‘z zimmangga olishni o‘rganishing kerak. Tabiatan juda yumshoq va xotirjam insonman – do‘stlarim hazillashganidek, “Ona Tereza”man va yetakchilikka sira intilmayman. Ammo hayotning o‘zi meni shu to‘lqinga olib chiqadi – ishonib topshirilgan ish uchun mas’uliyatdan hech qachon qochmaganman. Doimo diqqat markazida bo‘lish uchun shuning o‘zi kifoya.

MAKTABDAN BUYON butun umr shug‘ullanib kelayotgan ijtimoiy faoliyatim meni odamlar bilan muloqot qilishga o‘rgatdi. Savodli rahbarning asosiy fazilati – yagona natija yo‘lida ishlaydigan jamoani yarata olishdir. Obrazli aytganda, yaxshi jamoa – bu xor emas. Bu – har bir a’zosi iqtidorli va o‘ziga xos bo‘lgan jazz. Rahbarning donoligi esa har bir kishiga yondashuv topa bilishidadir. Muvaffaqiyatlardan quvonishni, qo‘llab-quvvatlashni, yordam qo‘lini cho‘zishni unutmaslik kerak. Agar odamlar sizga ishonsa, ularning ish samarasi ham maksimal darajada bo‘ladi. Qo‘l ostimdagilar o‘z xatolaridan hatto mendan ham ko‘ra ko‘proq ezilishadi...

SIFAT – bu iqtisodiy tushuncha. Uni har qanday ishda birinchi o‘ringa qo‘yish shart. Sifatga e’tibor qaratmasangiz, biznesingiz ertami-kechmi yo‘q bo‘lib ketadi. Buyurtmachini o‘z mahoratingizga ishontira olmasangiz, u boshqa qaytib kelmaydi. Bizning kompaniyada buyurtmachining bosma jarayonida ishtirok etishi yoki ishni kuzatib turishi amaliyoti yo‘q. Biz mijozga uning buyurtmasini o‘zimiz va ancha samaraliroq nazorat qilishimizni aytamiz. U faqat vazifani belgilab berishi kerak. So‘ngra esa tayyor natija uchun kelishi lozim.

INNOVATSIYALAR butun umr o‘qib-o‘rganishga majbur qiladi. Men hech qachon na o‘zimga, na boshqalarga yoshni ro‘kach qilib, yon bosmayman. Nazarimda, o‘qishning kechi yo‘q. Ko‘p yillardan beri matbaachilik sohasida ishlayman va so‘nggi yillarda bu soha rivojida haqiqatan ham ulkan sakrash yuz berdi. Uskuna va materiallarning yangi turlari, yuqori texnologiyalar... bu innovatsiyalar oqimida yo‘qolib qolmaslik uchun o‘z kasbing ustida doimiy ishlashing kerak. Atrofimda hamisha qiziquvchan, bilimga chanqoq, yangilikka o‘ch yoshlar bo‘ladi – ularga mos bo‘lish kerak. Balki balandparvoz eshitilar, lekin men uchun hayotning ma’nosi – to‘plagan tajribamni shogirdlarimga yetkazishdir, toki ular yanada olg‘a qadam bossinlar.

MEN OPTIMISTMAN. Qolaversa, tuzatib bo‘lmas optimistman. Ishonamanki, shogirdlarim hozirda yo‘qolib ketgan bosma madaniyatini qayta tiklaydilar. Axir, ilgari qo‘lyozmadan kitobgacha bo‘lgan butun bir zanjir mavjud edi. Bu zanjirda o‘z ishining ustalari – yozuvchi, muharrir, musahhih, sahifalovchi, harf teruvchi, bosmachi ishtirok etardi. Natijada esa benuqson mahsulot dunyoga kelardi. Hozir bu narsa yo‘q, na sahifalashga, na tahrirga kerakli e’tibor berilmayapti. Va biz sahifalarida xatolar, “yo‘laklar”, bosma nuqsonlar to‘lib-toshgan, sifatsiz ishlangan nashrlarni ko‘ryapmiz... Hech qanday qimmatbaho uskuna va zamonaviy materiallar o‘z ishini chin dildan sevadigan mehri daryo inson qo‘llarining o‘rnini bosa olmaydi.

MENING ORZUM? 80-yillarning oxirida “Literaturnaya gazeta”da “Klan” nomli maqola chop etilgan edi. U biz – doimo o‘ziga xos bir urug‘ bo‘lib yurgan toshkentliklar haqida yozilgandi. Bu urug‘da millatga qarab ajratish yo‘q edi. Biz hammamiz bir-birimizga yaqin edik. Ruslar, ukrainlar, yahudiylar, o‘zbeklar, koreyslar, tatarlar... Bu turli millat vakillaridan iborat qadrdonlar jamoasi edi. Qanday ajoyib zamonlar edi-ya! Yoshlar dunyodagi eng ajoyib millat – ko‘plab madaniyatlar, dinlar va urf-odatlar uyg‘unlashgan toshkentliklar safiga mansub ekanini unutmasliklarini juda istardim. Bu insonni puldan ko‘ra ancha ko‘proq boyitadi...

Kompaniya haqida

MChJ «MASTER PRINT»

«Master Print» MChJ korxonasi 2002-yilda tashkil etilgan. U «Heidelberg» firmasining zamonaviy poligrafiya uskunalari bilan jihozlangan. Korxona etiketka, qadoq, plakat, buklet, jurnal, katalog kabi poligrafiya mahsulotlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan.

Kompaniya ishlab chiqarishni tashkil etishga yuksak professionallik bilan yondashishi bilan ajralib turadi. Bu esa ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar sifatini yuqori darajada saqlash imkonini beradi. Respublika bo‘ylab ko‘plab buyurtmachilar korxonaning «Master Print — o‘z ishining ustasi» shiorini munosib baholaganlar. Shuning uchun ham kompaniyaga eng murakkab va nostandart buyurtmalarni ishonib topshirishadi.

«Master Print» MChJ ko‘p yillardan buyon «Hidrolife Bottlers» MChJ, «Golden Pages» MChJ, «Radiks» XKKT, «Spell Group» RA, «Spektrum Scope» MChJ va boshqa ko‘plab kompaniyalar bilan muvaffaqiyatli hamkorlik qilib kelmoqda.

Manzil
111818, Toshkent viloyati, Zangiota tumani, Yangi Hayot m.f.y., Katta o'zbek trakti, 2
Telefon
(+998) 95 1448131, (+998) 95 1438131
E-mail
masterprint@tps.uz