Ahmedov Botirjon Meliboevich
Axmedov Botirjon Meliboyevich 1966-yil 24-aprelda Namangan viloyatida tug‘ilgan.
1992-yilda, harbiy xizmatni tugatgandan so‘ng, ToshDUning biologiya fakultetini tamomlagan.
2005-yilda O‘zMU moliya fakultetini "Xalqaro iqtisodiy munosabatlar" mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan.
1993-1999-yillar - "ABL-Soft" MCHJ kompaniyasida ishlagan.
1999-yilda "Info Semantik" MCHJ kompaniyasiga asos solgan.
Uylangan, besh nafar farzandi bor.
QACHONLARDIR huquqshunos bo‘lishni istardim. Maktabni bitirgach, ToshDUning yuridik fakultetiga o‘qishga kirdim. Imtihonlarni yaxshi topshirsam-da, tanlovdan o‘ta olmadim va armiyaga ketdim. Germaniyada xizmat qildim. Xizmat muddati tugagach, menga muddatdan tashqari xizmatda qolishni taklif qilishdi. Biroq harbiy martaba meni qiziqtirmasdi, oliy ma’lumot olish ustuvorroq edi. Oilada yetti farzand edik – hammamiz yaxshi o‘qiganmiz, barchamiz oliy ma’lumotlimiz. Bizning oilada bilim qadrlanardi. Xizmat joyimdan a’lo tavsifnoma va tavsiyalar olib, Toshkentga qaytdim va ToshDUning biologiya fakultetiga o‘qishga kirdim. Oliy ta’lim dargohini imtiyozli diplom bilan tugatib, aspiranturaga qabul qilindim va ilmiy ish boshladim – nomzodlik dissertatsiyamni tayyorlayotgan edim. Ammo zamon o‘zgardi.
BIZNING avlodimizga yangi bozor sharoitlariga moslashish, tadbirkorlikni o‘rganishga to‘g‘ri keldi. Ko‘pchiligimizda tanlov imkoniyati yo‘q edi. Hayot go‘yo zinapoyaga o‘xshaydi – unda bir joyda turib bo‘lmaydi, doim harakatda bo‘lish kerak. Yaxshisi, yuqoriga intilish kerak. Oilani boqish, hayotda o‘z o‘rningni topish zarur edi.
UNIVERSITETNING IKKINCHI kursida meni fakultet komsomol qo‘mitasining raisi, so‘ngra Universitet komsomol tashkiloti raisining o‘rinbosari etib saylashdi. O‘ylaymanki, bu yaxshi bir yetakchilik maktabi bo‘lgan. O‘sha paytlarda turli mamlakatlardagi institutlar o‘rtasida madaniy almashinuv dasturi mavjud edi – O‘zbekiston xorijlik talabalarni qabul qilar va o‘z talabalarini chet elga yuborardi. Aynan o‘sha paytdan boshlab keyinchalik biznesimga asos bo‘lgan aloqalar o‘rnatila boshlandi. To‘g‘ri, u paytlari bizga oson bo‘lmagan – xalqaro shartnomalarni, hujjatlarni to‘g‘ri rasmiylashtirishda katta qiyinchiliklar bor edi. Qoidalar va xalqaro me’yorlarni o‘rganishimizga to‘g‘ri kelardi.
BIZ kompyuterlarni yetkazib berish va sozlash bilan shug‘ullana boshlagan o‘sha vaqtlarda, ya’ni 1993-yili, kompyuter yuqori texnologiyalar olamidagi yangilik hisoblanardi. Esimda, eng qiyini texnikani yetkazib berish, tarmoqni sozlash yoki dasturni o‘rnatish emas, balki odamlarni kompyuterda ishlashni o‘rganishga ko‘ndirish, ba’zan esa majburlash edi. Ayniqsa, eski usulda, ya’ni qog‘ozbozlik bilan hisob-kitob yuritishga o‘rganib qolgan ayollar qattiq qarshilik ko‘rsatishardi. Ular nazarida kompyuter ishini, daromadini tortib oladigandek tuyulardi... Asta-sekin mijozlar bazasi shakllana boshladi. O‘sha vaqtlardan buyon ko‘plab buyurtmachilarim va hamkorlarim haligacha men bilan birga ekanidan faxrlansam arziydi.
MChJ «INFO SEMANTIK»
“Info Semantik” MChJga 1999-yilda asos solingan. Kompaniya faoliyati jahonning yetakchi ishlab chiqaruvchilaridan zamonaviy kompyuter va orgtexnika vositalarini yetkazib berish, murakkab dasturiy-texnik majmualarni ishlab chiqish va joriy etish hamda zamonaviy axborot-kompyuter texnologiyalariga o‘qitishdan iborat. Kompaniya axborot texnologiyalari sohasida yuqori malakali ilmiy-texnik xodimlarga ega bo‘lib, bu respublika miqyosidagi loyihalarni amalga oshirish imkonini beradi. Kompaniyaning yetakchi mutaxassislari Canon, Hewlett Packard, Panasonic, Fujitsu Siemens Computers kabi firmalarning ixtisoslashtirilgan o‘quv markazlarida tahsil olgan. Hozirgi kunda “Info Semantik” MChJ Canon kompaniyasining O‘zbekistondagi rasmiy distribyutori, Hewlett Packard kompaniyasining biznes hamkori hamda Epson, Panasonic, Samsung, Fujitsu Siemens Computers kabi kompaniyalarning dileri hisoblanadi.
- Manzil
- Toshkent sh., Iftixor ko‘chasi, 1
- Telefon
- 71 2346677, 71 2346777, 71 2348877
- Sayt
- www.infosemantik.uz
- info@infosemantik.uz