SS Safoyeva Sabohat Xojimatovna
O‘zbekistonning 100 ta eng muvaffaqiyatli top-menejeri

Safoyeva Sabohat Xojimatovna

«Ilm-fanda, biznesda va oilada o‘z o‘rnimni topa olganim uchun taqdirimdan minnatdorman…»

Safoyeva Sabohat Hojimatovna Farg‘ona viloyatining Marg‘ilon shahrida tug‘ilgan. Toshkent davlat universitetining filologiya fakultetini tamomlagan.

Nashriyot sohasidagi faoliyatini 1979-yilda boshlagan.

G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyotda hamda “Tibbiyot” nashriyotida avval musahhih, so‘ngra muharrir bo‘lib ishlagan.
Bir vaqtning o‘zida Toshkent tibbiyot institutida dars bergan.

1999-yildan buyon O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi huzuridagi Falsafa va huquq institutida katta ilmiy xodim sifatida faoliyat yuritib kelmoqda.

Falsafa fanlari nomzodi. Ikki monografiya, 30 ta maqola, ikkita o‘quv qo‘llanma va “Ayollar masalasi: ijtimoiy va milliy jihatlar” nomli kitob muallifi.

Turmush qurgan, uch nafar farzandi bor.

TAQDIR TAQOZOSI BILAN universitetning ikkinchi kursida huquqshunoslik fakultetidan filologiya fakultetiga o‘tib qoldim. Ammo, aftidan, hayotda hech narsa bejiz sodir bo‘lmas ekan – taqdir meni o‘zim yuz o‘girmoqchi bo‘lgan sohamga qaytardi va bugun ilmiy faoliyatim yana huquq bilan bog‘liq.

NOSHIRLIK va poligrafiya – bu mening professional darajada shug‘ullanadigan sevimli mashg‘ulotim. Nazarimda, ziyoli va ma’lum imkoniyatlarga ega inson sifatida mamlakatning intellektual salohiyatini yuksaltirishga hissa qo‘shish mening burchimdir. Bu balandparvoz gap emas, men farzandlarimiz kitobxon bo‘lishini, kitob odamlar hayotida o‘zining munosib o‘rnini egallashini chin dildan istayman. Agar inson aqlli va ezgu kitoblarni o‘qishni hamda anglashni o‘rgansa, u albatta Haqiqiy Inson bo‘lib yetishadi. Shu bois noshirlik faoliyatim, avvalo, aynan shunday kitoblarni nashr etish va qayta nashr etishga yo‘naltirilgan. Kitob nashri – bu filologlar, musahhihlar, tarjimonlar va boshqa ko‘plab mutaxassislar ishtirok etadigan murakkab jarayon. Men o‘z kasb egalarini juda qadrlayman. Men uchun kitoblarning barcha uchun hamqadr bo‘lishi muhim, shuning uchun birlashmamiz turli formatdagi kitoblarni chiqaradi.

ONAM men uchun doimo yo‘lchi yulduz bo‘lib kelgan va hozir ham hayot yo‘llarimni yoritib turadi. Ona farzandlari hayotida, ularning kelajagida qanday o‘rin tutishini ta’riflash qiyin. Aynan shuning uchun qizlar, ayollar sog‘lom va bilimli bo‘lishlari muhim. Shunday bir qoida bor: bilimli ayolning farzandlari sog‘lom bo‘ladi. Ta’lim olgan ayolning kelgusida ishlash-ishlamasligi muhim emas. Zero, farzand tarbiyasi, ro‘zg‘or yumushlarining o‘zi ham savodli yondashuvni talab qiladigan ulkan mehnatdir. Ma’lumotli ayollardan hadiksiraydigan erkaklar ham bor, biroq munosib, sog‘lom farzandlarni voyaga yetkazish mas’uliyati asosan ayol zimmasiga tushadi va aynan shunday ayolga suyansa bo‘ladi. Mening onam shunday ayol edilar, men ham shunday bo‘lishga intilaman. Hayotimda muhim rol o‘ynagan yana bir ayol – falsafa fanlari doktori Manzura Xolmatova. U kishining sharofati bilan ilmiy faoliyat bilan shug‘ullana boshladim, aytish mumkinki, aynan o‘sha kishi meni fanga “tortib kirgan”. Uning rahbarligida “Ayollar masalasi: ijtimoiy va milliy jihatlar” mavzusidagi nomzodlik dissertatsiyamni yoqlaganman.

OILAviy biznes, kasbiy sulolalarning ajoyib an’anasi bor. Turmush o‘rtog‘im mana 30 yildirki, matbaa va noshirlik bilan shug‘ullanadi. Biznesda aynan u mening birinchi maslahatchim. O‘ylaymanki, farzandlarim va nabiralarim men boshlagan ishni davom ettirishadi. Garchi ularning qarashlari biroz boshqacha, ishga yondashuvi amaliyroq bo‘lsa-da, hozirdanoq mening tashabbuslarimni ajoyib tarzda to‘ldirib kelishmoqda. Men baxtli ayolman, chunki ahil oilada o‘sganman – yetti nafar aka-ukayu opa-singillarim bor. Mening ajoyib turmush o‘rtog‘im, go‘zal farzandlarim va nabiralarim bor. Ilm-fanda, biznesda va oilada o‘z o‘rnimni topa olganim uchun taqdirimdan minnatdorman.
Bu – baxt…

Kompaniya haqida

MChJ QK «NOSHIR»

«NOSHIR» — oqil va ezgu kitoblar.

«NOSHIR» nashriyot-matbaa ijodiy uyi 1992-yildan buyon bozorda faoliyat yuritib keladi.

Bu — ijodiy tafakkur, ish mahorati, ilg‘or texnologiyalar va zamonaviy menejment uyg‘unligidir. Uy tarkibiga bosmaxona va nashriyot kiradi. Kompaniya doimiy ravishda yangi texnologiyalarni joriy etadi, qog‘oz, bo‘yoq va boshqa materiallarning yangi turlaridan foydalanadi, ishlab chiqarishni avtomatlashtirilgan boshqaruvning zamonaviy usullarini qo‘llaydi.

Bu — keng turdagi nashriyot-matbaa mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi, jadal rivojlanayotgan korxona. Korxonaning yetakchi mutaxassislari uzluksiz ta’lim olib, doimiy ravishda o‘z malakalarini oshirib boradilar.

Manzil
100020, Toshkent sh., Langar ko‘chasi, 78-uy
Telefon
71 2492768