Zaydullaeva Gulnoza Xalikulovna
Zaydullayeva Gulnoza Xoliqulovna 1986-yil 20-sentyabrda Samarqand shahrida tug‘ilgan.
1995–1997-yillarda Mirzo Ulug‘bek nomidagi Xalqaro maktabda tahsil olgan.
2006-yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining Xalqaro turizm fakultetini tamomlagan. Toshkent shahridagi ishbilarmon ayollar va tadbirkorlar jamoat birlashmasining a’zosi.
2003-yil – Shveytsariyaning Jeneva shahrida bo‘lib o‘tgan II Xalqaro tadbirkor ayollar forumi ishtirokchisi.
2009-yil – Malayziyada bo‘lib o‘tgan xalqaro tadbirkor ayollar forumi ishtirokchisi.
Turmushga chiqqan, bir nafar qizi bor.
TALABALIK paytimda ota-onamning firmasida amaliyot o‘taganman va o‘shanda faqat o‘z biznesim doirasida ishlashimni anglab yetganman. O‘z biznesingizni yo‘lga qo‘yish ham oson, ham murakkab. Osonligi shundaki, bilim va g‘ayrat sizni olg‘a undaydi, qiyinchiligi esa tajriba yetishmasligidadir. Shubhasiz, tajriba vaqt o‘tishi bilan orttiriladi, lekin yoningizda dono va yaqin insoningiz bo‘lsa, uning tajribasidan foydalanish mumkin va hatto zarur. Men uchun bunday "ko‘makdonlar" ota-onam bo‘ldi, ular har doim menga yordam berishga, ma’naviy dalda bo‘lishga tayyor.
BIZNESDA YOSHLARNI JIDDIY QABUL QILISHMAYDI, DEGAN GAP YURADI. Ammo kompaniya, jumladan, yosh kompaniya ham o‘sishi va rivojlanishi uchun muayyan darajada g‘ayrat, o‘zini namoyon etish istagi va sog‘lom shuhratparastlik kerak. Bu xislatlarning barchasi, odatda, yoshlarga xos bo‘ladi. Shu sababli yoshlarni biznesga jalb qilish va ularga o‘z ishini yo‘lga qo‘yish imkoniyatini berish zarur. Yosh tadbirkorlar o‘z yo‘lini topishi, bu murakkab dunyoda o‘z so‘qmog‘ini qat’iyat bilan ochib borishi va hech qachon ruhini tushirmasligi muhim. Tadbirkor ayollar uchun esa oilasining ko‘magiga tayanishi, ishonchli suyanchig‘i bo‘lishi juda muhim. Yaqinlari sizning biznesingiz – o‘zligingizning bir parchasi ekanini tushunishlari kerak. Oila tomonidan qo‘llab-quvvatlashni his etish – biznesdagi muvaffaqiyat garovidir.
BIZNESDA eng asosiysi – halollik, so‘zining ustidan chiqa bilish va har qanday kutilmagan zarbaga dosh bera olish qobiliyatidir. Tadbirkor uchun daromad, albatta, muhim, biroq faqat omadga ishonib qolish yaramaydi, doim kelajak uchun, halol va pok niyat bilan astoydil ishlash kerak. Halol tadbirkorning istiqboli ham, hamkorlari ham, biznesi ham doimo barqaror bo‘ladi.
MENINGCHA, biznes bir joyda turmasligi kerak va tura olmaydi ham, u doimiy rivojlanishda bo‘lishi lozim. Bir sohada muvaffaqiyatga erishgach, yangi imkoniyatlar, yangi yo‘nalishlarni izlash kerak. Ko‘plab tadbirkorlarning muvaffaqiyati siri ham aynan shunda. Yaqin kelajakda ayrim kanselyariya mahsulotlarini o‘zlashtirib, ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirganman.
ORZU HAQIDA... Kelajakda turizm sohasida ishlab, o‘z sayyohlik kompaniyamni tashkil etishni istayman. Yurtimiz betakror me’moriy yodgorliklarga, madaniy va tabiiy diqqatga sazovor maskanlarga boy, shuning uchun bu sohani rivojlantirish kerak. Men bu ishda ishtirok etishga, bor salohiyatimni ishga solishga tayyorman. Hozirgi biznesim – bu faqat boshlanishi, orzularimni ro‘yobga chiqarish yo‘lidagi ilk qadamimdir.
MChJ «SEVINCH BIZNES»
“SEVINCH BIZNES” — sifat va yuksak mahorat!
“Sevinch Biznes” MChJ kanselyariya mollari bozorida 2005-yildan buyon faoliyat yuritib keladi. Kompaniyaning marketing strategiyasi kanselyariya mollari bozoridagi barcha o‘zgarishlarga tezkor munosabat bildirish, narxlarni barqaror past darajada ushlab turish hamda ofis va maktab anjomlarining keng assortimentini ta’minlash imkonini beradi. Kompaniya Yevropa va Osiyoning mashhur firmalari, shuningdek, mahalliy ishlab chiqaruvchilarning mahsulotlarini taklif etadi. Assortimentning doimiy yangilanib va kengayib borishi, moslashuvchan chegirmalar tizimi hamda tezkor yetkazib berish xizmati — bular kompaniyaning o‘z hamkorlari bilan muvaffaqiyatli faoliyat yuritishining poydevoridir.
- Manzil
- ...
- Telefon
- ...
- gulinoza@hotmail.com