Sultonov Umatali Sayitmirzayevich
1958-yil 4-fevralda Namangan viloyatining Yangiqo‘rg‘on tumanida tug‘ilgan.
1982-yilda Toshkent davlat universitetini tamomlagan.
1985–1992-yillarda O‘zbekiston SSR Davlat rejalashtirish qo‘mitasi Ilmiy tadqiqot institutining katta ilmiy xodimi.
1992–1994-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Davlat prognozlash va statistika qo‘mitasining iqtisodiy maslahatchisi.
1994–2006-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining mas’ul xodimi.
2006–2007-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Davlat mulki qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i.
2007–2008-yillarda “Agrolife-Inves” qo‘shma korxonasi bosh direktori.
2008-yildan hozirgacha “Aziya Agrofrukt” MCHJ bosh direktori.
Iqtisodiyot fanlari nomzodi.
Oilali, to‘rt nafar farzandi va ikki nafar nabirasi bor.
Oldi-sotdi eksportning samarali usuli emas. Kompaniyaning o‘zi eksportbop mahsulot yaratishi, ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish va texnologik qayta jihozlash ustida ishlashi lozim. Biz meva-sabzavot yetishtiramiz, saralaymiz, tayyorlaymiz va eksport qilamiz. Namangan viloyatidagi meva-sabzavotlar saqlanadigan omborxonalarda ichki va tashqi bozorlar uchun meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlaydigan zamonaviy kichik sexlar tashkil etishni, shu orqali qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratishni rejalashtirganmiz.
YAXSHI TADBIRKOR — yaxshi ruhshunosdir. Biznesda inson omili muhim: a’lo darajadagi tashkilotchi bo‘lish, sezgi va odamlarni tushunish qobiliyatiga ega bo‘lish, chinakam zarurat tug‘ilganda hamkorlarga yordam qo‘lini cho‘zish, yuksak saviyada muloqot qila olish, halol va ochiqko‘ngil bo‘lish, va’dalarning ustidan chiqish va hech qachon uddalab bo‘lmaydigan topshiriqlar bermaslik kerak — so‘zda ham, ishda ham aniqlik muhim. Har qanday munosabatda halol bo‘lish lozim — hamma narsa halollikdan boshlanadi va u bilan yakunlanadi. U ko‘plab muammolarni bartaraf etadi, kimning kimligini yaqqol ko‘rsatadi, hamkorlarni jalb qiladi. Halollik bo‘lmasa, biznes ham bo‘lmaydi.
EKSPORT ERTA BAHORDA BOSHLANADI. Monitoring shuni ko‘rsatdiki, xorijiy hamkorlarda sabzavotlarga bo‘lgan ehtiyoj har yili aprel oyidayoq paydo bo‘ladi. O‘zbekistonda esa hosil yoz va kuzda yig‘ib olinadi, faqat mamlakatimiz janubidagina erta bahorda ilk sabzavotlar pishib yetiladi. Biz 2012-yil hosili uchun Farg‘ona vodiysidagi dalalarimizga kuzdayoq karam va sabzining sovuqqa chidamli ertapishar golland navlarini ekkanmiz va kelasi yilning aprel-may oylarida ularni eksport qilish niyatidamiz.
KADRLARIMIZNING INTELLEKTUAL SALOHIYATI juda yuqori. Jamoamizning asosiy o‘zagini professional mutaxassislar: iqtisodiyot va qishloq xo‘jaligi fanlari nomzodlari, xorijda malaka oshirgan tajribali kadrlar, xalqaro buxgalteriya kursini tamomlagan bosh hisobchi tashkil etadi. Bu eng murakkab masalalarni hal etishga va besh yildan so‘ng biznesda yuksak natijalarga erishamiz, deb ishonch bilan aytishga imkon beradi. Jamoa bilan o‘zaro munosabatlarni adolat tamoyillari asosida quramiz.
YOSH TADBIRKORLAR o‘z kasbiy mahoratini oshirish ustida tinimsiz ishlashi, marketing tadqiqotlari o‘tkazishi, xorijiy tillarni va chet el davlatlari qonunchiligini o‘rganishi, hujjatlarni rasmiylashtirish, turli sertifikat va ruxsatnomalar olish tartibini, eksportchi korxonalarga qo‘yiladigan bank, bojxona va soliq talablarini bilishi zarur. Shuningdek, ichki va tashqi bozorlardagi transport xizmatlari va logistikani o‘rganish ham juda muhim.
BUGUN O‘ZBEKISTONDA kichik va o‘rta biznesning eksport salohiyatini rivojlantirish uchun barcha sharoitlar yaratilgan, huquqiy asos mavjud, qator imtiyoz va preferensiyalar joriy etilgan. Faqat ishlash qoldi, xolos.

MChJ «AZIYA AGROFRUKT»
«AZIYA AGROFRUKT» MChJ — ekologik toza meva-sabzavot mahsulotlari va quruq mevalarning yirik eksportchisi. Kompaniya 2008-yilda tashkil etilgan bo‘lib, bugungi kunda Farg‘ona vodiysi etaklarida joylashgan 36 gektar maydondagi o‘z qishloq xo‘jaligi yerlariga ega. Ushbu maydonlarning bir qismi hosildor bog‘lardan iborat. Shuningdek, kompaniya 1 000 tonnadan ortiq meva-sabzavot mahsulotlarini saqlash va qayta ishlashga mo‘ljallangan zamonaviy sovutish omborlari hamda omborxonalarga ega. Korxona yil davomida O‘zbekiston va MDH mamlakatlari aholisini yangi meva va sabzavot mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlab kelmoqda. Kompaniya mahsulotlari dunyoning o‘ndan ortiq mamlakatlariga, jumladan Rossiya Federatsiyasi, Ukraina, Qozog‘iston, Latviya, Germaniya, Chexiya va boshqa davlatlarga eksport qilinadi.
Bundan tashqari, «AZIYA AGROFRUKT» MChJ xalq iste’moli tovarlari importi bilan ham shug‘ullanadi. Jumladan, Qozog‘istondan bug‘doy doni va un, Ukraina hamda Rossiyadan oziq-ovqat mahsulotlari, Buyuk Britaniyadan esa kompyuter va ofis texnikasi import qilinadi.
- Manzil
- Toshkent sh., Qorasuv-1 mavzesi, 1/13
- Telefon
- (+998) 90 9560102
- agrofrukt-sus@mail.ru