«Qalb va tana uyg‘unligi retsepti»
«Golden Hill» restorani 2003-yil 1-sentyabrda o‘z faoliyatini boshlagan. Restoran taomnomasidan milliy va Yevropa taomlari, dengiz mahsulotlaridan tayyorlangan taomlarning keng assortimenti hamda bosh oshpazning mualliflik taomlari o‘rin olgan. «Golden Hill» restorani hashamatli banket zali, ixcham xoll, VIP-xonalar, disko-bar va yozgi maydonchaga ega.
«Golden Hill» restorani pazandachilik san’ati bo‘yicha respublika va xalqaro tanlovlarda faol ishtirok etib keladi. Restoran bosh oshpazi Abdusattor Somodov gastronomiya va pazandachilik san’ati sohasidagi ko‘plab xalqaro musobaqalarning oliy mukofotlari sohibidir. «Golden Hill» restorani «Tassano» xalqaro festivalining «Yilning eng yaxshi restorani» nominatsiyasi bo‘yicha Gran-pri sohibi (2004-y.); Yekaterinburg shahrida o‘tkazilgan «Yevrofeska» birinchi Yevroosiyo pazandachilik san’ati festivalining bronza medali sovrindori (2006-y.). 2007-yil fevral oyida bo‘lib o‘tgan IV Istanbul Gastronomiya Festivalida «Vegetable Carving» nominatsiyasida oltin medal va «Fish-dish» nominatsiyasida bronza medal, shuningdek, jamoaviy bahslarda Gran-pri hamda uchta kumush medalni qo‘lga kiritgan.
2007-yil dekabr oyida bo‘lib o‘tgan V Istanbul Gastronomiya Festivalida jamoaviy bahslarda oltin, bronza medallari va Gran-prining uchinchi o‘rnini egallagan. Ko‘plab xalqaro diplom va sertifikatlar sohibi. Madrid shahrida bo‘lib o‘tgan «TURIZM, MEHMONXONA ISHI VA GASTRONOMIYA» XXXIII yillik xalqaro mukofotini topshirish marosimida «Golden Hill» restorani turizm va gastronomiya sohasining yetakchi kompaniyalaridan biri sifatida «PRIVATE FIRM» nominatsiyasida mukofot bilan taqdirlangan.