«Tadbirkor ayol» — ayollarning iqtisodiy, ijtimoiy huquqlari va imkoniyatlarini kengaytirish hamda himoya qilish.
O‘zbekiston ishbilarmon ayollar uyushmasi «Tadbirkor ayol» (O‘IAYU) 1991-yilda Markaziy Osiyoda tashkil etilgan ilk ayollar nodavlat notijorat tashkilotlaridan biridir. Uyushmaning asosiy vazifasi — ayollarning tadbirkorlik va jamoatchilik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, moliyaviy, ta’lim va axborot resurslaridan foydalanish imkoniyatlarini ta’minlashga ko‘maklashishdan iborat.
Uyushma faoliyatining asosiy yo‘nalishlari quyidagilardan iborat: ta’lim — marketing, menejment, biznes-rejalashtirish, 30 ta yo‘nalish bo‘yicha kasbiy tayyorgarlik; huquqiy bilim berish, yetakchilik va o‘z biznesini yuritish ko‘nikmalarini rivojlantirish; biznes, psixologiya, etika va tashkiliy rivojlanish masalalari bo‘yicha maslahatlar berish; NNT, gender va biznes sohalarida tadqiqotlar olib borish hamda nashrlar tayyorlash; kredit mablag‘larini olishda ko‘maklashish; manfaatlarni ilgari surish va advokatsiya — manfaatdor tomonlarni jalb qilish, koalitsiyalar tuzish hamda Uyushma a’zolarining qarorlar qabul qilish darajasidagi ishtirokini ta’minlash.
Uyushma faoliyati davomida 50 000 nafardan ortiq ayol kasbiy ko‘nikmalarga, 43 000 nafari esa biznes yuritish ko‘nikmalariga o‘qitildi, ularning 75 foizi o‘z biznesiga ega.
Uyushma a’zolari orasidan ikki nafar senator, to‘rt nafar parlament deputati hamda yigirma nafar viloyat, shahar va tuman deputatlari saylangan.
O‘zbekiston ishbilarmon ayollar uyushmasi BMT Taraqqiyot dasturining «Inson taraqqiyoti to‘g‘risida»gi ma’ruzalarida, Jahon banki hisobotlarida hamda O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining «Aholi farovonligini oshirish strategiyasi 2005–2010-yillar» bo‘yicha oraliq hisobotida O‘zbekistonda ijtimoiy masalalarni hal etishga ko‘maklashgan tashkilot sifatida qayd etilgan.