Alimbekova Dildar Maxmudovna
Alimbekova Dildar Mahmudovna 1954-yil 30-yanvarda Xitoyning G‘ulja shahrida tug‘ilgan.
1975-yilda Toshkent xalq xo‘jaligi institutini iqtisodchi mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan.
1975–1982-yillarda ilmiy-tadqiqot institutida talabni o‘rganish bo‘limi boshlig‘i, so‘ngra Yengil sanoat vazirligida faoliyat yuritgan. 1989-yilda “Dilshod” nomli birinchi kichik korxonaga rahbarlik qilgan.
1991-yildan buyon “Tadbirkor ayol” uyushmasining raisi hisoblanadi.
Bobom Solihbek Hoji Turkistonning eng badavlat kishilaridan biri bo‘lganlar. U kishining Oqmola, Tomsk va Toshkentda o‘z tijoratlari bor edi. Toshkentdagi Eski Juvada hovli-joylari bo‘lgan, Oqmolada esa shahardagi birinchi ikki qavatli imoratni qurdirganlar. Yaqinda bu imorat buzib tashlandi, vaholanki tarixchilar va me’morlar uni me’moriy yodgorlik sifatida e’tirof etib, ko‘plab maqolalar yozishgan edi. Buvim rus gimnaziyasini tamomlagan, o‘qimishli, ziyoli ayol edilar. 1932-yili oilamiz qatag‘ondan qochib, kontrabandachilar yordamida chegaradan o‘tib, Xitoyga muhojirlikga ketgan. G‘uljada bobom o‘zbeklarni birlashtirishga intilganlar va o‘zbek bolalari uchun ona tilida dars beriladigan maktab ochganlar. U kishi Vatanini sevardi, yurtga qaytishni orzu qilardi va bizga jonajon Turkistonga bo‘lgan muhabbatini vasiyat qilgandilar. Men Toshkentga besh yoshimda qaytib kelganman. Rus tilini umuman bilmasam-da, rus maktabiga o‘qishga bordim. Ammo uchinchi sinfga borib a’lochi o‘quvchiga aylandim va sinf sardori bo‘ldim. Biror ishni shunchaki, nomiga emas, balki chin dildan qilish kerak – bu mening hayotiy shiorim. Har qanday ishda ishtiyoq bo‘lishi lozim. Shunda muvaffaqiyat ketidan quvishga hojat qolmaydi – u o‘zi keladi.
MENING biznesim doim jamoat ishlari bilan yonma-yon yurgan. Hatto, afsuski, ko‘pincha jamoat ishlari shaxsiy ishimdan ustun turardi. Assotsiatsiyamiz ayollarning munosib hayot kechirish, o‘z biznesiga ega bo‘lish va hech kimga qaram bo‘lmaslik borasidagi intilishlarini qo‘llab-quvvatlaydi. Biz ayollar tadbirkorligini rivojlantirish uchun sharoit yaratadigan qonunlarni ilgari surdik. Qonunchilik hujjatlarini qabul qilish yoki ularga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha advokasiya kampaniyalarini o‘tkazdik.
BIZ juda ko‘p ayollarga ta’lim beramiz, lekin ularning har biri ham o‘z biznesini ochmaydi. Bu – tabiiy tanlanish va buning iloji yo‘q. Issiqxona sharoitida o‘stirilgan sun’iy tadbirkor xuddi robotga o‘xshaydi: bir qoqilsa, qayta o‘rnidan tura olmasligi mumkin. O‘qitish jarayonida biz kimning ko‘p narsaga qodir ekanini, kimning esa qo‘lidan hech narsa kelmasligini his qilib turamiz. Lekin hammaga yordam berishga harakat qilamiz – axir biz ham adashishimiz mumkin-ku, kechagi “ikkichilar” ertaga yulduzga aylanishi hech gap emas…
MENING xobbim – ikebana yasash, dizayn va dekor bilan shug‘ullanishni yaxshi ko‘raman. Xonadonimda qimmatbaho buyumlar yo‘q, lekin u do‘stlarimga manzur, uyimda fayzli va o‘zgacha muhit bor. She’r yozishni yoqtiraman. Nazarimda, aytmoqchi bo‘lgan bor gaplarimni she’rlarimda aytib bo‘lganman:
Hayotda haqiqatni qaysarlik bilan izladim,
Yer yuzidan izladim adolatni men.
Lekin bunga javoban mangulik menga,
Xayyomning g‘amgin bir tabassumin berdi.
O‘ZBEKISTON ISHBILARMON AYOLLAR UYUSHMASI «TADBIRKOR AYOL»
«Tadbirkor ayol» — ayollarning iqtisodiy, ijtimoiy huquqlari va imkoniyatlarini kengaytirish hamda himoya qilish.
O‘zbekiston ishbilarmon ayollar uyushmasi «Tadbirkor ayol» (O‘IAYU) 1991-yilda Markaziy Osiyoda tashkil etilgan ilk ayollar nodavlat notijorat tashkilotlaridan biridir. Uyushmaning asosiy vazifasi — ayollarning tadbirkorlik va jamoatchilik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, moliyaviy, ta’lim va axborot resurslaridan foydalanish imkoniyatlarini ta’minlashga ko‘maklashishdan iborat.
Uyushma faoliyatining asosiy yo‘nalishlari quyidagilardan iborat: ta’lim — marketing, menejment, biznes-rejalashtirish, 30 ta yo‘nalish bo‘yicha kasbiy tayyorgarlik; huquqiy bilim berish, yetakchilik va o‘z biznesini yuritish ko‘nikmalarini rivojlantirish; biznes, psixologiya, etika va tashkiliy rivojlanish masalalari bo‘yicha maslahatlar berish; NNT, gender va biznes sohalarida tadqiqotlar olib borish hamda nashrlar tayyorlash; kredit mablag‘larini olishda ko‘maklashish; manfaatlarni ilgari surish va advokatsiya — manfaatdor tomonlarni jalb qilish, koalitsiyalar tuzish hamda Uyushma a’zolarining qarorlar qabul qilish darajasidagi ishtirokini ta’minlash.
Uyushma faoliyati davomida 50 000 nafardan ortiq ayol kasbiy ko‘nikmalarga, 43 000 nafari esa biznes yuritish ko‘nikmalariga o‘qitildi, ularning 75 foizi o‘z biznesiga ega.
Uyushma a’zolari orasidan ikki nafar senator, to‘rt nafar parlament deputati hamda yigirma nafar viloyat, shahar va tuman deputatlari saylangan.
O‘zbekiston ishbilarmon ayollar uyushmasi BMT Taraqqiyot dasturining «Inson taraqqiyoti to‘g‘risida»gi ma’ruzalarida, Jahon banki hisobotlarida hamda O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining «Aholi farovonligini oshirish strategiyasi 2005–2010-yillar» bo‘yicha oraliq hisobotida O‘zbekistonda ijtimoiy masalalarni hal etishga ko‘maklashgan tashkilot sifatida qayd etilgan.
- Manzil
- 100027, Toshkent sh., Furqat ko‘chasi, 1
- Telefon
- 71 2274418, 71 2274491
- Sayt
- www.adju.uz
- zufarov54@mail.ru