NA Nazirov Anvar Zakievich
O‘zbekistonning 100 ta eng muvaffaqiyatli top-menejeri

Nazirov Anvar Zakievich

Firma direktori, ta'sischisi MChJ «AZN»
«O‘zbekiston — biznes uchun qiziqarli mamlakat»

1952-yil 28-avgustda tug‘ilgan.

Toshkent politexnika institutining Avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimlari (ABT) fakultetini tamomlagan. Mutaxassisligi — dasturchi. Aloqa vazirligining Hisoblash markazi direktor o‘rinbosari lavozimida ishlagan.

1999-yilda O‘zbekistonda sanoat sovutish va savdo uskunalarini ishlab chiqaruvchi birinchi korxonaga asos solgan.

Yetti yil ichida kompaniya eskirgan uskunalarga ega kichik kooperativdan o‘z sohasida respublikaning yetakchi korxonalaridan biriga aylandi.

Uylangan, ikki farzandi bor.

8 yil avvalgi TOP-100 uchun bergan intervyumni o‘qir ekanman, bir narsani qiziqish bilan ta’kidlayman: agar 8 yil oldin biz 20-30 yillik eski va qayta tiklangan uskunalarda minimal xarajatlar bilan ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ya olganimizdan faxrlangan bo‘lsak, hozir xuddi shunday g‘urur bilan XXI asr texnologiyalaridan foydalanib, kompyuter boshqaruvidagi eng zamonaviy dastgohlarda mahsulot ishlab chiqarayotganimizni ma’lum qilamiz. Bularga lazer va plazma yordamida kesish, vakuum-qoliplash uskunalari, zamonaviy list bukkuvchi dastgohlar va koordinata-teshish majmualari kiradi. Bularning barchasi biznesimiz va kompaniyamizning tabiiy rivojlanishi hamda yuksalishini aks ettiradi.

BIZ SOVUTGICH VITRINALARINI 1999-yilda ishlab chiqarishni boshlaganmiz. O‘shanda bizda Turkiya, Rossiya, Polshadagi xorijiy raqobatchilarimiz ega bo‘lgan bilim, mablag‘, tajriba va resurslar yo‘q edi. “AZN” O‘zbekistonda sovutkichli savdo uskunalarini ishlab chiqaruvchi birinchi kompaniya bo‘ldi. Narx va sifatni asos qilib, qisqa vaqt ichida bozorimizdan import analoglarini siqib chiqara oldik. Bizdan so‘ng nafaqat Toshkentda, balki hududlarda ham sovutkich va savdo uskunalari ishlab chiqaruvchilari paydo bo‘ldi. Sog‘lom raqobatning foydasi bor, chunki u biznesni ilgari surish va rivojlantirish uchun yaxshi turtki hisoblanadi. Ko‘plab ishlab chiqaruvchilar bilan munosabatlarimiz yaxshi, o‘zaro maslahatlashamiz, hatto ba’zan bir-birimizga yordam ham beramiz. Respublika bozori shunchalik kengki, hammaga joy yetadi. Bugungi kunda yirik supermarketlarni hisobga olmaganda, mamlakatimizdagi oziq-ovqat do‘konlarida qo‘llanilayotgan vitrinalarning 95 foizi O‘zbekistonda ishlab chiqarilganini kuzatish quvonarlidir.

“AZN” MAHSULOTLARI mahalliy iqlimni hisobga olgan holda yaratiladi va atrof-muhit harorati 43°C gacha bo‘lganda ham sovuqni saqlab turadi. Vitrina va shkaflarga 1 yillik kafolat muddati hamda respublika bo‘ylab servis xizmati ko‘rsatiladigan ishonchli italyan kompressorlari va bug‘latgichlari o‘rnatiladi. “AZN” ishonchli sovuqlik talab qilinadigan turli sohalar va savdo korxonalari, restoranlar, kafelar, farmatsevtika va boshqa tarmoqlar uchun sovutkichli vitrinalar, gorkalar va shkaflar, sovutkich kameralarini yetkazib beradi. Korxonaning texnologik bazasi seriyali mahsulotlarni ishlab chiqarishga ham, eskizlar bo‘yicha individual buyurtmalarni bajarishga ham imkon beradi.

KOMPANIYA OBRO‘SI hatto kichik bir ventilyatorning ishlashiga ham bog‘liq. Iste’molchilarda muammolar yuzaga kelganda, hammasi avval telefon orqali maslahat berish, zarur bo‘lsa, ta’mirlash guruhining joyiga borishi bilan hal qilinadi. Biz har bir buzilish holatini nafaqat o‘rganib chiqamiz, balki takrorlanishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun uning asl sababini topib, bartaraf etamiz. Bu o‘zgalar biznesi uchun ham mas’uliyat demakdir. Tasavvur qiling-a: hududdagi kichik bir do‘kon, oziq-ovqat mahsulotlarini sotib olgan tadbirkorning sovutkichli vitrinasi buzilib qoldi… Uning moliyaviy yo‘qotishlari biz uchun obro‘ yo‘qotishiga aylanadi.

O‘ZBEKISTON – KATTA IMKONIYATLAR MAMLAKATI. Bu ancha keng ma’noli ibora, biroq u avvalo kichik biznesga taalluqlidir. Mamlakatda ish boshlayotgan tadbirkorlarning oyoqqa turib olishi uchun qulay sharoitlar yaratilmoqda. Tayyor mahsulotlar, texnologik uskunalar, xomashyo va materiallar importini tarif yo‘li bilan tartibga solish orqali mahalliy ishlab chiqarishni rivojlantirish uchun sharoitlar yaratildi. Bular biznesni yo‘lga qo‘yish va rivojlantirishga yordam beradigan vositalardir. Yevropada o‘z ishingizni ochishga urinib ko‘ring. Nima qila olasiz? Deyarli barcha bo‘shliqlar to‘lgan va ularda raqobat o‘ta keskin. Bizning mamlakatimizda esa ijod qilish va kuch-g‘ayratni sarflash uchun imkoniyatlar keng. Biznesni nisbatan kam mablag‘ bilan boshlash mumkin. Shu bilan birga, bozor juda katta. Mebel segmenti bunga yaqqol misoldir. Qisqa vaqt – atigi 10-15 yillik rivojlanish davomida O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mebellar importga munosib raqobatni yuzaga keltirdi va bu yerda hammaga: yirik va kichik ishlab chiqaruvchilarga, xorijiy kompaniyalarga ham joy yetarli.

INQIROZ. Xitoy tilida yozilgan “inqiroz” so‘zi ikkita iyeroglifdan iborat: biri “xavf”, ikkinchisi esa “qulay imkoniyat” degan ma’noni anglatadi (Kennedining so‘zlari). Biz ikkinchi iyeroglifga tayanamiz… 2015-yil dunyoda go‘yoki inqirozli yil bo‘ldi. Biroq 2015-yilning o‘zida biz qariyb 50 foizga o‘sdik! Vitrinalar, stellajlar va sovutkichli shkaflarni xarid qilishyaptimi? Demak, yangi do‘konlar qurilmoqda yoki eskilar ta’mirlanmoqda. Agar yangi do‘konlar paydo bo‘layotgan bo‘lsa, demak, xaridorlar bor va ular ko‘p. Bu xuddi qadimgidek: yaxshi zamonlarda yangi bozorlar va karvonsaroylar, qiyin paytlarda esa maqbaralar qurishgan…

G‘OYALAR HAVODA MUALLAQ TURADI. Ishlab chiqarishni boshlayotgan tadbirkorlar uchun hal qiluvchi lahza – bu bino, uskuna va jihozlarni ijaraga olish yoki sotib olishdir. Bu esa katta mablag‘ talab qiladi. Respublikada autsorsing yoki kooperatsiya birjalari tashkil etilayotganining sabablaridan biri ham shu: tadbirkorlar o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va ularning sa’y-harakatlarini optimallashtirish. Maqsadimiz – “Listli metallga ishlov berish markazi”ni yaratish. Bu markaz startaplar g‘oyalarini ham, mavjud yirik ishlab chiqarish korxonalarining g‘oyalarini ham ro‘yobga chiqaradigan ish bilan shug‘ullanadi. Mahsulot ishlab chiqarishda metallga ishlov berish uchun asbob-anjomlar tayyorlash ancha murakkab vazifadir. Listni kesish, shtamplash, bukish, payvandlash va so‘ngra bo‘yash kerak. Kichik ishlab chiqarish uchun qimmatbaho stanoklar va shtamplar sotib olish foydali emas. Markazimiz ishlab chiqaruvchilar o‘z oldiga qo‘yadigan har qanday vazifani amalga oshiradi: kichik isitgich va elektr qalqonidan tortib, savdo avtomatlari hamda murakkab mashina va traktorlarning ehtiyot qismlarigacha. Har qanday “ichki qism” “quti”ga muhtoj bo‘ladi. Bizga esa shunchaki uning chizmasi yoki suratini olish kifoya. Shu maqsadda yaqinda Germaniyada ishlab chiqarilgan, Yaponiyaning “AMADA” lazer majmuasini lizingga xarid qildik. U qalinligi 20 mm gacha bo‘lgan metall listlarni yuqori sifatli qirqish imkonini beradi va juda katta salohiyatga ega. Hatto yirik mashinasozlik korxonalarining hammasida ham bunday darajadagi dastgohlar yo‘q. Dastur orqali sxema kiritiladi, dastgoh esa bir taxlam metall listlarni osonlik bilan va juda tez kesib beradi. Kesilgan joy silliqligi mukammal, ishlash tezligi, aniqligi, har qanday murakkablikdagi ishlarni bajara olishi va unumdorligi juda yuqori. Ishonamizki, bu xizmatimizga talab katta bo‘ladi va barchaga manfaat keltiradi.

“O‘ZINGGA MA’QUL KELADIGAN ISHNI TOP, shunda umringda biror kun ham ishlashga majbur bo‘lmaysan”, – degan edi Konfutsiy. Mening shunday ishim bor. Bu men uchun qiziqarli va har kuni korxonamizga ishtiyoq bilan yo‘l olaman. Biz rivojlanishda davom etyapmiz va ishga yondashuv sifatini o‘zgartirmoqdamiz. Qaysidir pallada biznesni qo‘lda boshqarish o‘zini oqlamay qo‘yganini sezdim. To‘g‘ri, sen doim voqealar markazida bo‘lasan, hammasini nazorat qilasan, butun boshli murakkab tizim uchun javob berasan. Bu yoqda bir narsani to‘g‘rilaysan, u yoqda boshqa masalani hal qilasan, yana bir joyda kimgadir “g‘ayrat bag‘ishlaysan”. Biroq o‘zaro aloqalar soni ortgani sari muammolar ham muqarrar ravishda ko‘payib, bir-biriga ulanib ketadi va natijada ishlab chiqarish sekinlashadi. “Qamchi va shirin kulcha” siyosatini qo‘llab, xodimlarni doim shoshiltirish yoki bir martalik rag‘batlantirish samara bermaydi. Shuning uchun ham “AZN”da xodimlar va ishlab chiqarishni boshqarishning avtomatlashtirilgan tizimi faol joriy etilmoqda, “KAIZEN” tizimiga jiddiy e’tibor qaratilmoqda.

IJTIMOIY RIVOJLANISH. Biz, bir qarashda, umuman daromad keltirmaydigan narsalarga katta mablag‘ sarfladik. Chiroyli oshxona, shinam dushxonalar va hojatxonalar, nazorat-o‘tkazish punkti qurib, jihozladik. Ofis, sexlar va ko‘rgazmalar zalini zamonaviy uslubda ta’mirladik, eko-avtoturargoh barpo etdik. Nazarimda, bu sarmoyalar uzoq muddatli va salmoqli samara beradi. Mehnat falsafamiz, korxonani rivojlantirish tizimimiz shundan iboratki, bizning ishlab chiqarish – bu odamlardan foydalanish va pul ishlash vositasi emas. Bu yerda bosh direktordan tortib qorovulgacha – barcha xodimlar o‘z mehnati bilan hayotimizni ozgina bo‘lsa-da, qulayroq va yaxshiroq qilayotganini anglagan holda, ko‘tarinki kayfiyat va mamnuniyat bilan ishlaydigan maskandir.

Kompaniya haqida

MChJ «AZN»

Korxona 1999-yilda tashkil etilgan bo‘lib, o‘z faoliyatini “O‘zbekqishloqmash” zavodidan ombor ijaraga olgan “Nazirov A. Z.” xususiy korxonasi sifatida boshlagan. O‘shanda texnik xodimlar bor-yo‘g‘i yetti kishidan iborat edi. Asosan sovet davriga oid zarur ishlab chiqarish va texnologik uskunalar eskirgan hamda butlanmagan holatda xarid qilinib, o‘z kuchi bilan qayta tiklangan, original moslamalar esa mustaqil ravishda ishlab chiqilgan.

2004-yilda ishlab chiqarish hajmi va xodimlar soni ortishi bilan “AZN” MChJ tashkil etildi.

Bugungi kunda “AZN” kompaniyasi supermarket va do‘konlarni o‘zi ishlab chiqargan uskunalar bilan “tayyor holda topshirish” tamoyili asosida to‘liq jihozlamoqda. Bular vitrinalar, stellajlar, sovutkich uskunalari, kassa kabinalari va savdo uchun zarur bo‘lgan boshqa ko‘plab anjomlardir.

Kompaniya jahon amaliyotiga muvofiq uskunalarni qulay joylashtirish, xaridorlar oqimini yo‘naltirish va savdo maydonidan oqilona foydalanishga doir barcha hisob-kitoblarni o‘z ichiga olgan binoning dastlabki kompyuter rejasini taqdim etadi. “AZN” MChJ buyurtmachining vazifalarini uskuna dizaynidan tortib, uni sozlab berishgacha bo‘lgan bosqichlarda kompleks hal etishni taklif qiladi. Kompaniya o‘zining barcha mahsulotlariga kafolatli va kafolatdan keyingi xizmat ko‘rsatishni ta’minlaydi.

Korxonaning Chilonzorda firma do‘koni va zavod hududida katta shourumi mavjud. Ularda sotuvchi-maslahatchilar mahsulotlar haqida barcha zarur ma’lumotlarni berib, binoning o‘ziga xos xususiyatlarini inobatga olgan holda oqilona tanlov qilishga yordam berishadi.

Ayni paytda “AZN” MChJ sovutkich va stellajlarning yangi modellarini yaratish hamda mavjudlarini takomillashtirish bilan bir qatorda, o‘z faoliyatining yangi yo‘nalishini yo‘lga qo‘yish ustida faol ish olib bormoqda. Bu – O‘zbekiston korxonalariga metall qismlarni lazer yordamida kesish, bukish, payvandlash va bo‘yash bo‘yicha zamonaviy kompyuter texnologiyalaridan foydalangan holda autsorsing xizmatlarini ko‘rsatishga mo‘ljallangan “Listli metallga ishlov berish markazi”dir.

Manzil
100053, Toshkent sh., Bog‘ishamol ko‘chasi, 160-uy
Telefon
71 2073475, 71 2343475, 71 2093475, (+998) 90 3281837
Sayt
www.azn.uz
E-mail
azn@azn.uz