Qosimov Alisher
1962-yil 11-avgustda tug‘ilgan.
1984-yilda ToshMI stomatologiya fakultetini tamomlagan.
1986–1989-yillarda Moskva tibbiyot akademiyasida aspiranturada tahsil olgan.
Xalqaro sertifikatlar sohibi, O‘zbekiston plastik va estetik jarrohlar jamiyati raisining o‘rinbosari, Yevropa plastik va estetik jarrohlar jamiyati a’zosi, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining “Yilning eng yaxshi shifokori – 2016” mukofoti sohibi.
Shifokor bo‘lish peshonamga yozilgan bo‘lsa kerak. Otam tabib edilar va nafaqat ishda, balki hayotda ham ibrat namunasi bo‘lganlar. Hech qachon oddiy stomatolog bo‘lishni orzu qilmaganman, lekin u yerda o‘zim qiziqqan yuz-jag‘ jarrohligini o‘rganish imkoniyati bor edi. O‘qish bilan bir vaqtda yuz-jag‘ jarrohligi klinikasida va qabul bo‘limida hamshira bo‘lib ishlaganman. Bu o‘qishni tamomlagach, nafaqat nazariy bilim, balki muayyan amaliy ko‘nikmalar zaxirasiga ega bo‘lishimga imkon bergan ilk amaliyot, ilk tajriba edi. Institutni imtiyozli diplom bilan tugatib, o‘sha yerda ishlash uchun qoldim.
BIR JOYDA O‘TIRISH MENGA XOS EMAS. Oldinga intilish istagi meni Moskva Tibbiyot Akademiyasi aspiranturasiga olib keldi. 1989-yili o‘sha yerda nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilib, Toshkentga yangi bilim va g‘oyalar bilan qaytdim. Ko‘p ishlashimga, o‘z alma-materimda dars berishimga to‘g‘ri keldi.
HECH QACHON HECH KIMDAN HECH NARSA SO‘RAMAGANMAN, shu narsa meni mustaqil ravishda oldinga harakat qilishga majburlagan. 1990-yilning boshlarida mening ishtirokim bilan O‘zbekistonda Sog‘liqni saqlash vazirligi qoshida plastik jarrohlik bo‘limiga ega bo‘lgan birinchi xo‘jalik hisobidagi shifokorlik-kosmetologiya markazi tashkil etildi. Bu bo‘lajak xususiy klinikalarning tamal toshi edi.
MENING KASBIMDA Gippokrat qasamyodidagi “ziyon yetkazma” degan so‘zlar muhim aqida hisoblanadi. Ba’zan shunday bo‘ladiki, biror kishi kelib, tashqi ko‘rinishidagi nimadirni o‘zgartirmoqchi bo‘ladi, men esa ahvol yomonlashishini ko‘rib, uni bu fikridan qaytarishga harakat qilaman. Kimdir rozi bo‘ladi, kimdir esa hayron qoladi. Mening tamoyilim — pul asosiy narsa emas. Asosiysi, bemor natijadan mamnun bo‘lishi kerak. Plastik jarrohlik tashqi o‘zgarishlar orqali insonga o‘zidan ichki mamnuniyat hissini tuyish imkonini beradi. Ko‘pchilikning hayoti chindan ham sifat jihatidan o‘zgaradi, chunki o‘z tashqi ko‘rinishidan norozilik, komplekslar bilan birga o‘ziga ishonchsizlik ham yo‘qolib, ichki kuch paydo bo‘ladi.
AMALIYOTCHI JARROH va ayni paytda klinika direktori bo‘lish — murakkab ish. 90-yillarning boshlarida xususiy klinika ochishga qaror qilganimda, iqtisodiyotni o‘rganishimga, buxgalteriya hisobini yuritishning nozik jihatlariga kirishishimga, hamma narsani mayda-chuydasigacha hisob-kitob qilishimga to‘g‘ri keldi. O‘sha paytlarda postsovet hududida xususiy biznes endigina kurtak yozayotgan edi. Bizning klinikamiz mamlakatimizda o‘z yo‘nalishi bo‘yicha noyob va birinchilardan edi. Bevosita plastik jarrohlik bo‘yicha darsliklar, qo‘llanmalarning yo‘qligi ham qiyinchilik tug‘dirardi. Bilim va ko‘nikmalarni oshirish uchun Germaniyaga borib, u yerdagi operatsiyalarda qatnashdim. Bu men uchun katta tajriba maktabi bo‘ldi va Toshkentda ham shunday operatsiyalarni joriy etishimga yordam berdi.
HOZIR XUSUSIY KLINIKALAR KO‘P, raqobat ancha kuchli. Va bu yaxshi. Chunki munosib raqobat qila olish uchun doimo oldinga intilish, yangi uslublarni o‘rganish, eng so‘nggi avlod texnikasini xarid qilish kerakligini tushunasan. Eng muhimi, yuqori malakali xodimlarga ega bo‘lish lozim. O‘ylaymanki, “KASMED”ning qariyb 20 yildan buyon muvaffaqiyatli faoliyat yuritayotgani bejiz emas. Bu obro‘ga erishish kerak edi. Plastik jarroh, kosmetolog yoki sohaning boshqa bir mutaxassisi ishining natijasi darhol ko‘zga tashlanadi. Ko‘pincha “mish-mish marketingi” usuli ish beradi: bemor operatsiya qildirdi, mamnun bo‘ldi, tanishlariga tavsiya etdi va hokazo. Men qattiqqo‘l, talabchan rahbaman. Jamoada yolg‘on va g‘iybatni xush ko‘rmayman. Men uchun barcha xodimlarning o‘z ishining ustasi bo‘lishi, ishiga vijdonan va mas’uliyat bilan yondashishi muhim. Qo‘l ostimdagilarga o‘rnak bo‘lishga intilaman. Ishga haddan tashqari berilganligimga qaramay, oilamga ham e’tibor qaratishga harakat qilaman. Turmush o‘rtog‘im o‘zimizning klinikada ishlagani uchun buning uddasidan chiqish yanada osonroq. O‘g‘lim yaxshi an’anani davom ettirishga qaror qildi va hozirda tibbiyot institutida o‘qiyapti. O‘z tajribamdan kelib chiqib, yozgi ta’tilda uni klinikaga sanitar qilib ishga joylashtirdim — bo‘lajak shifokor amaliyotni boshlashdan avval eng oddiy ishlarni o‘rganishi, nafaqat nazariy bilimga, balki amaliy ko‘nikmalarga ham ega bo‘lishi kerak.
VAQT BIR JOYDA TURMAYDI va biz u bilan hamnafas qadam tashlashga harakat qilamiz. Hali qilinadigan ishlar, o‘rganiladigan narsalar ko‘p, eng muhimi — oldinga intilish va erishilgan yutuqlar bilan cheklanib qolmaslik.
TIBBIY MARKAZI «KASMED»
«KASMED» tibbiyot markazi 1998-yilda tashkil etilgan. Hozirgi kunda klinikada tibbiyotning turli yo‘nalishlari bo‘yicha yuqori malakali mutaxassislar faoliyat yuritmoqda. Klinika xodimlari o‘z bilim va malakalarini nafaqat respublikamizda, balki xorijda ham muntazam ravishda oshirib bormoqda. Mutaxassislarimiz Rossiya, Braziliya, Argentina, Germaniya, Avstraliya, Niderlandiya, AQSh va boshqa mamlakatlarda o‘tkazilgan xalqaro forumlar hamda kongresslarda ko‘p marotaba ishtirok etganlar.
«KASMED» tibbiyot markazi tibbiyotda zamonaviy yangi yondashuvlarni qo‘llash, xizmat ko‘rsatish sifati hamda yangi texnologiyalarni joriy etish borasida barqaror va ishonchli hamkor sifatida o‘zini namoyon etgan. Klinika bazasida kosmetologiya, plastik va estetik jarrohlik yo‘nalishlari bo‘yicha ko‘plab bo‘lajak mutaxassislar malaka oshirmoqda.
Klinikada plastik, rekonstruktiv va estetik jarrohlik, oftalmologiya, stomatologiya, kosmetologiya, fizioterapiya, foto yoshartirish, fotoepilyatsiya, davolovchi sellyulitga qarshi massaj, ozonoterapiya hamda laboratoriya tadqiqotlari yo‘nalishlari bo‘yicha diagnostika, profilaktika va davolash xizmatlari ko‘rsatiladi.
- Manzil
- 100096, Toshkent sh., Muqimiy ko‘chasi, 1A
- Telefon
- 71 2883131, 71 2883434, 71 2883535
- Sayt
- www.kasmed.uz
- info@kasmed.uz