RF Rasulev Farhod Qahramonovich
O‘zbekistonning 100 ta eng muvaffaqiyatli top-menejeri

Rasulev Farhod Qahramonovich

«Kecha muvaffaqiyat keltirgan narsani o‘zgartirishdan qo‘rqmaslik»

Farhod Rasulev — turizm va mehmondo‘stlik sohasida qariyb 30 yillik tajribaga ega tadbirkor. U professional faoliyatini 1997-yilda boshlab, mehmonxona biznesidan to kompaniyalar guruhini tuzish va boshqarishgacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tgan.

IATA tomonidan akkreditatsiya qilingan dastur bo‘yicha mehmonxona boshqaruvi va turizm yo‘nalishida xalqaro ta’lim olgan hamda AQShda kasbiy amaliyot o‘tagan. Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti magistri, shuningdek, Mini MBA biznes dasturini tamomlagan.

2005-yildan buyon Dolores Travel Services kompaniyasiga rahbarlik qilib, turizm, aviatsiya, transport xizmatlari va raqamli texnologiyalar sohasidagi loyihalarni rivojlantirib kelmoqda. Uning sohaga qo‘shgan professional hissasi davlat va tarmoq mukofotlari, jumladan, “O‘zbekistonning eng yaxshi sayyohlik korxonasi rahbari” unvoni bilan taqdirlangan.

Kompaniyalar guruhi g‘oyasini 2012-yildayoq shakllantira boshlaganman. Mijoz bir joyning o‘zida maksimal darajada ko‘p yechimga ega bo‘lishi uchun turizm sohasida o‘zaro bog‘liq xizmatlar tizimini yaratmoqchi edim. Vaqt o‘tishi bilan biz klassik turizm doirasidan ancha chetga chiqdik. Bugungi kunda loyihalarimiz turoperatorlik faoliyati, aviatsiya, avtomobil ijarasi, mehmonxonalarni onlayn bronlash va raqamli xizmatlarni qamrab oladi. Mustaqil yo‘nalishlarimizdan biri “Ustabor” — mutaxassislarni izlash va maishiy muammolarni hal qilish platformasi bo‘ldi.

Pandemiya men uchun jiddiy saboq bo‘ldi. Deyarli bir kunning o‘zida butun dunyo to‘xtab qoldi: samolyotlar parvoz qilmay qo‘ydi, odamlar sayohat qilishni bas qildi, butun bir sanoat ishsiz qoldi. O‘shanda bir narsani ayniqsa aniq tushundim: bugun qanchalik muvaffaqiyatli bo‘lmasin, bitta sohaga bog‘lanib qolish yaramaydi.

Biz biznesni faolroq diversifikatsiya qilishni boshladik va ichki bozorning yangi segmentlariga kirdik. Misol uchun, bugungi kunda Toshkentdagi ikkita fitnes-studiyani boshqaramiz. Shunday bo‘lsa-da, turizm yana guruhimizning asosiy harakatlantiruvchi kuchiga aylandi.

Pandemiyadan so‘ng odamlar sayohat qadrini yangidan anglab yetdi, O‘zbekistonga bo‘lgan qiziqish esa shiddat bilan o‘sa boshladi. Vizalarning liberallashtirilishi, mamlakatning xalqaro miqyosda targ‘ib qilinishi, infratuzilmaning rivojlanishi va davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanish sohani kuchli rivojlantirdi.

Bugun O‘zbekiston ommabop sayyohlik yo‘nalishiga aylandi. Yaqin-yaqingacha biz dunyoga nima uchun aynan bizga kelish kerakligini tushuntirar edik. Endi esa dunyoning o‘zi O‘zbekistonni ko‘rishni istayapti.

Sayyohning o‘zi ham o‘zgarmoqda. Mehmonlarni Buyuk ipak yo‘li tarixi bilan bir qatorda gastronomiya, faol hordiq, zamonaviy mehmonxonalar, shahar muhiti va yangi taassurotlar tobora ko‘proq o‘ziga jalb qilmoqda. O‘zbekiston nafaqat tarixni ko‘rish, balki bugungi kunni his qilish uchun kelinadigan mamlakatga aylanib bormoqda.

Biznes siz uxlayotganingizda ham ishlashi kerak

Rivojlanishimizning alohida bir sahifasi — bu texnologiyalardir. GotoStans Dolores Travelning kichik bir bo‘limi sifatida ish boshlab, vaqt o‘tishi bilan mustaqil raqamli biznes darajasiga ko‘tarildi. Biz o‘zimizning dasturiy ta’minotimizga sarmoya kiritdik va mehmonxonalarni hamda yondosh xizmatlarni onlayn bronlash tizimini rivojlantirmoqdamiz. Biz rezidenti bo‘lgan IT Park ekotizimi ham yangi imkoniyatlar yaratib berdi.

Menga texnologik biznes falsafasi yaqin: biz boshqa loyihalar bilan shug‘ullanishimiz, sayohat qilishimiz yoki uxlashimiz mumkin, to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgan tizim esa 24/7 ishlashda davom etaveradi.

Turizm kelajagini ekotizimlarda ko‘raman. Sayohatchi aviachipta, transfer, mehmonxona va boshqa o‘nlab mayda-chuyda masalalarni alohida hal qilishni istamaydi — u tayyor yechimga ega bo‘lishni xohlaydi. Bizda allaqachon turizm, aviatsiya, transport, mehmonxonalarni bronlash va IT sohalarida yetarli malaka mavjud. Vazifamiz — bularning barchasini yagona qulay tizimga birlashtirishdir.

Sifat, obro‘, odamlar

Biznesda o‘tgan yillar davomida bir narsaga amin bo‘ldim: uzoq muddatli istiqbolda sifat, obro‘ va o‘ziga xos ish uslubi yutadi. Biz qo‘limizdan kelmaydigan ishni va’da qilmaymiz. Hamkorni noqulay ahvolga solgandan ko‘ra, halollik bilan rad etgan afzal. Biz xatolarimizni tan olamiz va ular uchun, jumladan, moddiy javobgarlikni ham olishga tayyormiz.

Eng kuchli reklama — siz yo‘q xonada sizni tavsiya qilishlaridir.

Jamoamiz — alohida faxrimiz. 28 yil davomida uning safidan ko‘plab iqtidorli mutaxassislar o‘tdi, ular bugungi kunda turizm sohasini rivojlantirishda davom etmoqda. Men xodimlarning ichidagi ishtiyoqni — ular haqiqatan ham shug‘ullanishni istagan ishni topishga va ularning kasbiy o‘sishini qo‘llab-quvvatlashga harakat qilaman.

Men uchun kuchli jamoa — bu rahbarga har doim “ha” deydiganlar emas. Bu fikrlay oladigan, bahslasha biladigan, mas’uliyatni o‘z zimmasiga olib, umumiy maqsad sari intiladigan insonlardir.

Men Markaziy Osiyo kelajagiga optimizm bilan qarayman. Mintaqamiz o‘ziga xos tarix, madaniyat va tabiatga ega yagona yirik sayyohlik yo‘nalishiga, O‘zbekiston esa uning tayanch nuqtalaridan biriga aylanishi mumkin. Davlat sharoit yaratib, mamlakatni dunyoga ochmoqda, xususiy biznesning vazifasi esa yangi yo‘nalishlar, texnologiyalar, xizmatlar va taassurotlar yaratishdan iborat.

28 yillik tadbirkorlik faoliyatim davomida yuksalishlarni, inqirozlarni, bozorlarning o‘zgarishini va yangi texnologiyalar paydo bo‘lishini ko‘rdim. Va eng asosiysini tushunib yetdim: kechagina muvaffaqiyat keltirgan narsani ham o‘zgartirishdan qo‘rqmaslik kerak.

Inqiroz harakat qilishga majbur qiladi. Atrofingizdagi dunyo allaqachon o‘zgarib bo‘lganini sezmay qolish esa bundan-da xavfliroq.

Kompaniya haqida

MChJ QK «DOLORES TRAVEL SERVICES»

"DOLORES TRAVEL SERVICES" MChJ QK 1998 yilda tashkil etilgan bo‘lib, bugungi kunda O‘zbekistonning kirish turizmi sohasidagi yetakchi DMC-kompaniyalari qatoridan joy olgan.

Chorak asrdan ko‘proq vaqt mobaynida kompaniya O‘zbekiston va Markaziy Osiyo bo‘ylab individual hamda guruhli sayohatlardan tortib, MICE-loyihalar va ishbilarmonlik safarlarigacha bo‘lgan sayyohlik xizmatlarining to‘liq majmuini taqdim etuvchi mamlakatdagi eng yirik qabul qiluvchi turoperatorlardan biriga aylandi.

Izchil rivojlanish, uzoq muddatli hamkorlik munosabatlari va xizmat ko‘rsatishning yuqori standartlariga e’tibor qaratish kompaniyaga xalqaro bozorda mustahkam o‘rin egallash imkonini berdi. Biroq rivojlanish hech qachon klassik turistik biznes doirasi bilan cheklanib qolmagan.

Bozorning o‘zgarishi va yangi imkoniyatlar paydo bo‘lishi bilan kompaniya to‘plangan tajribasini yangi loyiha va yo‘nalishlarga aylantirgan holda o‘z faoliyat doirasini izchil kengaytirib bordi. Aynan shunday qilib, vaqt o‘tishi bilan sayyohlik, transport, aviatsiya, raqamli va boshqa xizmatlarni o‘zida birlashtirgan kompaniyalar guruhi shakllandi.

Manzil
100015, Toshkent sh., Kichik Beshyog‘och ko‘chasi, 104A
Telefon
(+998) 55 5158883
Sayt
www.dolorestravel.com
E-mail
booking@dolorestravel.com