Talasov Beder Talasovich
Talasov Beder Talasovich 1946-yil 3-mayda Buxoro viloyatining Konimex qishlog‘ida tug‘ilgan.
1963-yilda Moskva stanok-asbobsozlik institutiga o‘qishga kirgan. 1965-yilgacha u o‘qishni "Mostankoliniya" (Moskva) ishlab chiqarish tashkilotida ishlash bilan birga olib bordi. 1968-yilda institutni tugatgach, "Tashselmash" zavodida muhandis-konstruktor bo‘lib ishlagan.
1973-1985-yillarda O‘zSSR FA "Kibernetika" ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasida ishlagan, katta muhandislikdan sektor mudirigacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tgan.
1985-1991-yillarda SSSR FA S.A.Lebedev nomidagi Aniq mexanika va hisoblash texnikasi institutining Toshkent filialida katta ilmiy xodimlikdan sektor mudirigacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tgan.
1991-1996 yillar - Toshkent davlat texnika universiteti dotsenti. Texnika fanlari nomzodi.
1993-yilda "BETA" kompaniyasiga asos solgan.
Uylangan, ikki farzandi bor.
O‘ZGARISHLARDAN qo‘rqmaydigan, o‘zligidan voz kechmay, taslim bo‘lmaydigan kishigina G‘ALABA QOZONADI. Bu haqiqat har qanday zamon uchun dolzarbdir va yillar o‘tgani sayin o‘z isbotini topib bormoqda. Bozor munosabatlari davri kirib kelishi bilan ko‘pchilik qatori mening oldimda ham “nima qilish kerak?” degan savol ko‘ndalang bo‘ldi. Yuzaga kelgan sharoitda o‘z o‘rnimni topish uchun qandaydir yangilik izlashim zarur edi. Butun hayotim ilmiy va ishlab chiqarish faoliyati bilan bog‘liq. “Kibernetika” ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasida va S.A. Lebedev nomidagi Axborot texnologiyalari va hisoblash texnikasi institutida ishlab, Moskva va Toshkent shaharlaridagi mashinasozlik korxonalarida raqamli dasturiy boshqaruv (RDB) stanoklarini dasturlashni avtomatlashtirish hamda ishlab chiqarishga texnik tayyorgarlik tizimlarini ishlab chiqqanman. Mehnat jamoasi raisi sifatida xodimlarning manfaatlarini himoya qilish uchun iqtisodiy masalalarni ham chuqur o‘rganishimga to‘g‘ri kelgan. Shu bois, o‘z biznesimni yo‘lga qo‘yishga zarur bilim va tajriba zaxirasi bilan kirishganman. Ishonchim komilki, orttirilgan bilim, ko‘nikma va o‘zgarishlarga intilish – bu inflyatsiyaga uchramaydigan va har qanday sharoitda insonning o‘zi bilan qoladigan yagona sarmoyadir.
OTAM ovuldagi boshqa bolalar qatori bobosi yollagan mulladan savod chiqargan. U 13 yoshga to‘lganida, bobosi kerakli mablag‘ni yig‘ib, o‘qishini davom ettirishi uchun nevarasini Buxoroga jo‘natadi. Keksa dasht kishisi “hayotda o‘z yo‘lini tanlashda erkinroq bo‘lishi uchun nevaram albatta o‘qimishli bo‘lishi kerak” degan qat’iy fikrda edi. Afsuski, otam tuyada ikki yuz kilometr yo‘l bosib Buxoroga yetib borganida, yangi hukumatning farmoyishi bilan madrasalarda o‘qitish to‘xtatilganini bilib qoladi. Albatta, uning hafsalasi butunlay pir bo‘lgandi… Keyinchalik u farzandlari va nevaralari to‘laqonli bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lishlari uchun qo‘lidan kelgan barcha ishni qilishga ahd qildi. Shu sababli, men maktabni tugatgach, Moskvadagi institutga o‘qishga kirdim. Mening ham hayotdagi maqsadim xuddi shunday: farzandlarim munosib hayot kechirishlari uchun ularning bilim va ko‘nikma egallashlariga har tomonlama yordam berish, aql-zakovati va intellektual salohiyatini yuksaltirish.
INSON muvaffaqiyat qozongan joyda yaxshi yashaydi. Muvaffaqiyatga esa rivojlanishdan to‘xtamasangiz, tez o‘zgaruvchan bozor sharoitlarida o‘z biznesingizning moslashuvchanligini ta’minlash uchun doimiy o‘qib-o‘rgansangiz va yangi ko‘nikmalarni egallasangiz erishasiz. O‘zbekistonda, umuman, MDH hududida bozor hali shakllanish bosqichida. Shu bois, yuqori darajadagi raqobat haqida gapirishga hali erta. Tadbirkorning asosiy raqobatchisi – uning o‘zi. O‘z ustida va o‘z biznesi ustida tinimsiz ishlash – yaratilgan narsalar ko‘payishining garovidir. Salohiyatli raqobatchilar esa hamkor bo‘lishi lozim: hammamiz birgalikda bitta katta ishni qilyapmiz – yangi iqtisodiy voqelikni barpo etyapmiz. Qat’iy ishonch va matonat juda muhim. Ba’zan natija kutilgandek bo‘lmaydi va ana shunday paytda eng asosiysi – o‘zini yengib, olg‘a intilishdir.
KOMPANIYAMIZNI barpo etishda menga oilam – rafiqam, qizim va o‘g‘lim yordam berdi. Rafiqam hisobchi, qizim esa top-menejer bo‘ldi. O‘g‘lim hozirda o‘zining kichik biznesini ochib oldi. Bu hamjihatlik kompaniyaning maqsad va rejalarini amalga oshirishda doim madad bo‘lgan va bo‘lmoqda. Biz o‘sish va kengayish niyatidamiz. Albatta, ichki xotirjamlikka hali ancha uzoq. Biznesda mutlaq xotirjamlikning o‘zi bo‘lmaydi. Bu doimo mas’uliyat demakdir: mijozlar, mahsulot yetkazib beruvchilar, xodimlar va, albatta, farzandlaru nevaralar oldidagi mas’uliyat. Ishonchim komil: biznes – bu yaxshilik yaratish ilmi va san’atidir, yaxshilik esa hamisha foydalidir.
MChJ «BETA»
«Beta» kompaniyasi 1993-yilda tashkil etilgan. Dastlabki faoliyat yo‘nalishi travmatologiya va ortopediya bo‘limlaridagi bemorlarni davolash hamda reabilitatsiya qilish uchun tibbiy asbob-uskunalar ishlab chiqish, tayyorlash va sotishdan iborat bo‘lgan.
1999-yilda kompaniya faoliyati ofis texnikasi, uning aksessuarlari va sarflov materiallari, kanselyariya mollari hamda maishiy texnika korporativ va ulgurji savdosiga qayta yo‘naltirildi.
2004-yilda ofis texnikasi uchun qog‘oz ishlab chiqaruvchi dunyodagi eng yirik kompaniya — International Paper (AQSH) bilan hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yildi. Hamkorlik doirasida eng ilg‘or brendlar: barcha 3 sinfdagi (A, B, C+) Ballet hamda Adajio (22 xil rangdagi ofis qog‘ozi) qog‘ozlarini yetkazib berish ko‘zda tutilgan.
2008-yilda «Beta» kompaniyasi sertifikatlangan distribyutorlik huquqini qo‘lga kiritib, O‘zbekiston bozoriga Ballet brendining ColorLok texnologiyasiga ega yangi ofis qog‘ozi standartini olib kirdi. Ushbu texnologiya Hewlett-Packard kompaniyasining sarflov materiallari va bosma uskunalar ishlab chiqarish sohasidagi yutuqlari hamda International Paper kompaniyasining qog‘oz ishlab chiqarish borasidagi tajribasini o‘zida mujassam etgan. ColorLok texnologiyali Ballet qog‘ozi — foydalanuvchilarning har qachongidan ham sifatliroq bosma mahsulotga ega bo‘lishining kafolatidir.
- Manzil
- 100029, Toshkent sh., Islom Karimov ko‘chasi, 17
- Telefon
- 78 1223333, 271 2330332, 78 1220544, 71 2562660
- Sayt
- www.beta.uz
- info@beta.uz