Islomova Nargiza Шукуруллаевна Shukurullaevna
Islomova Nargiza Shukurullayevna 1979-yil 1-noyabrda Toshkent shahrida tug‘ilgan.
2002-yilda Toshkent davlat universitetining jurnalistika fakultetini imtiyozli diplom bilan tamomlagan.
2004-yilda magistraturani imtiyozli diplom bilan tamomladim.
Televideniyeda ishlagan, "Yoshlar" telekanalida "Siz uchun foyda" teledasturi va "Sifat belgisi" mualliflik dasturi boshlovchisi bo‘lgan.
2007-yildan beri reklama agentligida boshqaruvchi bo‘lib ishlaydi.
2008-yildan beri "Sport" telekanalida "Biznes-revyu" teleko‘rsatuvini olib boradi.
BOLALIGIMDA shifokor bo‘lishni orzu qilardim – bizning oila shifokorlar sulolasidan. Ammo taqdir yo‘rig‘i boshqacha bo‘ldi – men jurnalist bo‘ldim. Hozir bu tanlovimdan zarracha afsuslanmayman. Eng birinchi efirim yodimda – hali universitetga kirmasimdan avval qo‘shnimiz televideniyeda ishlardi va men bu olamga kirishni juda-juda istardim. Nazarimda, nimadirni chin dildan xohlasang, istaging albatta ijobat bo‘ladi. Kamera qarshisida qo‘rquv yo‘q edi, hayajon bor edi va u hozirgacha saqlanib qolgan. Men qiziqarli yangiliklarni o‘qigan eng birinchi ko‘rsatuv tonggi “Assalom, O‘zbekiston!” dasturi bo‘lgan. So‘ngra “Foydali maslahatlar” ruknini tayyorlaganman. Umuman, tajriba orttirib, o‘z ustimda ishlab, mahorat pillapoyalaridan birma-bir ko‘tarilib kelmoqdaman.
“BIZNES-REVYU” dasturi O‘zbekiston televideniyesida 2008-yil boshidan beri efirga uzatiladi. Uning formati reklama bo‘lib, tovar va xizmatlarni sifatli targ‘ib qilish uchun o‘ylab topilgan edi. Endilikda ko‘rsatuvni biroz o‘zgartirish niyatidamiz – faqat reklama emas, balki ma’lumot ham berib borishni istaymiz. Bunday ko‘rsatuvni tayyorlash va olib borish tajribam bor – “Yoshlar” telekanalida “Sifat belgisi” dasturini olib borganman. Respublikamizda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar sifatiga alohida urg‘u bermoqchimiz. Ko‘rsatuv konsepsiyasi – iste’molchilar huquqlariga rioya etilishini ta’minlash. Unda xariddan oldin nimalarga e’tibor qaratish lozimligi, xaridor huquqlari va sotuvchi majburiyatlari haqida so‘z boradi. Bularning bari odamlarga keraksiz va ko‘ngilni xira qiladigan xarajatlar hamda noxushliklardan qochishga yordam beradi. O‘ylaymanki, bunday ko‘rsatuv xalqimizga kerakli va juda foydali bo‘ladi, odamlarning turfa xil mahsulotlar ummonida adashib qolmasligiga va hafsalasi pir bo‘lmasligiga ko‘maklashadi.
Teleboshlovchi bo‘lish OSONMI? Albatta, oson emas. Nazarimda, hech bir ishni oson deb bo‘lmaydi, ayniqsa, unga butun qalbingizni bag‘ishlasangiz. Qiyinchiliklar doim bo‘ladi. Ammo mehnatingiz munosib baholansa, ularning barini bemalol yengib o‘tish mumkin. Shunday paytlarda, go‘yo tog‘ni talqon qilishga qodirdek bo‘lasiz. Albatta, doimo ko‘proq bilishga intilish, rivojlanishdan to‘xtab qolmaslik zarur. Bugungi tomoshabin yangiliklardan boxabar bo‘lishni istaydi va mening vazifam – uning uchun foydali ma’lumotlarni topish. “Sifat belgisi” ko‘rsatuvining konsepsiyasini o‘zim ishlab chiqqanman, sifat bo‘yicha mutaxassislarni ham, mavzularni ham o‘zim izlaganman – ko‘rsatuv ham foydali, ham qiziqarli bo‘lishiga intilganman. Mahalliy teleboshlovchilar orasida Dilorom Umarovani alohida e’tirof etaman, uning ovozi juda yoqimli, o‘zini doim kamtarin va viqor bilan tutadi. Rossiyalik teleboshlovchilardan esa – Yekaterina Andreyevani. Teleboshlovchining tashqi ko‘rinishi juda muhim – chiroyli, did bilan, ortiqcha bezaklarsiz bo‘lishi kerak. Bu kasbda, ichingizda qanday his-tuyg‘ular jo‘sh urmasin, “yuzni saqlay bilish” lozim...
OTA-ONAM BILAN FAXRLANAMAN. Agar ular bo‘lmaganida, men bu hayotda ko‘p narsaga erisha olmasdim – ularning qo‘llab-quvvatlashi tuganmasdir. Garchi ular bu sohada ishlamasalar-da, meni ajoyib tarzda tushunishadi, yo‘l-yo‘riq ko‘rsatib, juda yaxshi, o‘rinli maslahatlar bilan yordam berishadi. Ota-onam meni halol, samimiy va ochiqko‘ngil bo‘lish ruhida tarbiyalagan. Balki bu fazilatlar hayotda unchalik qo‘l kelmas, biroq men doim shu tamoyillarga amal qilaman. O‘g‘limni ham shunday tarbiyalashga harakat qilaman. To‘g‘ri, uning televideniyeda ishlashini unchalik xohlamasam kerak. Qolaversa, uning qiziqishlari butunlay boshqa ekanini ko‘rib turibman. Hali juda kichkina bo‘lsa-da, u jiddiy inson. Ba’zan “Multfilmni o‘chiring, men sura yodlayman”, deb qolishi mumkin. Qur’ondan ko‘p suralarni yoddan biladi. Bobosidan arabcha matnni qanchalik yaxshi eslab qolganini tekshirib qo‘yishni so‘raydi. Onasini ham televizorda ko‘p tomosha qilmaydi – doim “Oyim yonimdalar-ku, yaxshisi u bilan shunday gaplashaman”, deydi... Albatta, o‘g‘limning muvaffaqiyatli inson, yirik tadbirkor bo‘lishini istayman, lekin u ulg‘aygach, qaror qabul qilish huquqini o‘ziga beraman. Undan so‘raydigan yagona narsam – yaxshi inson bo‘lishi, xayr-saxovatni unutmasligi va odamlarga yordam berishi.
HOZIR men nafaqat teleboshlovchi, balki reklama agentligi rahbari hamman. Jamoamiz “O‘zbekiston”, “Yoshlar”, “Sport” va “Toshkent” telekanallarida reklama roliklarini joylashtiradi. Videoreklamaning kelajagi porloq – hali men ham, agentligim ham ko‘plab marralarni zabt etamiz. Ularni egallashimizga esa zarracha shubhamiz yo‘q.
TELERADIO KANALI «SPORT»
“Sport” – O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi (O‘zMTRK) tarkibidagi ommabop davlat sport teleradiokanali. Kanal butun mamlakat hududida 24 soat davomida efirga uzatiladi.
Telekanalda turli sport musobaqalari va tadbirlari, shuningdek, sport mavzusidagi ko‘rsatuv hamda dasturlar namoyish etiladi. Ular qatoriga futbol bo‘yicha Jahon chempionati o‘yinlari, futbol bo‘yicha O‘zbekiston chempionati, OFK (Osiyo futbol konfederatsiyasi) Chempionlar ligasi, o‘smirlar va yoshlar terma jamoalari o‘rtasidagi futbol bo‘yicha Jahon chempionatlari, Yozgi va qishki Olimpiya o‘yinlari, tennis, basketbol, xokkey, voleybol bo‘yicha o‘yinlar va boshqa ko‘plab sport musobaqalari kiradi.
- Manzil
- 100011, Toshkent sh., Navoiy shoh ko‘chasi, 69
- Telefon
- 71 2141858, 71 2141333
- sport@mtrk.uz