Yusupov Elyor Miralimovich
Yusupov Elyor Miralimovich 1977-yil 25-avgustda Toshkent shahrida tug‘ilgan.
1998-yilda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetini, so‘ngra magistraturani tamomlagan. Biznes boshqaruvi bo‘yicha magistr.
1998–2002-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki mutaxassisi.
2002-yilda O‘zbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasini tamomlagan.
2002–2005-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Milliy bankining shahar bo‘limi boshqaruvchisi o‘rinbosari.
2005-yildan «BRAVO» mebel saloni direktori.
Oilali, bir nafar farzandi bor.
MEBEL BIZNESIGA otam asos solgan. U tashkil qilgan birinchi firma — «Eler»ga mening sharafimga nom bergan. Bu kompaniya Boltiqbo‘yi mebellari savdosiga ixtisoslashgan edi va o‘z davrida mashhur bo‘lgan o‘sha mebel garniturlarining nomlari haligacha yodimda — uyimizdagi barcha suhbatlar mebel haqida bo‘lardi... Italiya esa biznesimizga mutlaqo tasodifan kirib kelgan. Otam juda kirishimli inson, shu sababli liftda o‘zining italiyalik qo‘shnisi bilan ko‘tarilayotib, uni mehmonga taklif qilmasligi mumkin emasdi. Suhbat, albatta, sifatli italyan mebeli haqida ketdi. Shunday qilib, otam 1997-yili hayotga tatbiq etgan g‘oya tug‘ildi: u Italiyaga borib, italyan ishlab chiqaruvchilari bilan tanishib keldi. Oradan uch yil o‘tib, otam va uning sherigi (amakivachcham) tayyor mebel olib kelgandan ko‘ra, sifatli italyan furniturasidan foydalanib o‘zimizning ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish ancha tejamli va osonroq bo‘ladi, degan qarorga kelishdi. Otam asta-sekin uskunalar xarid qilib, o‘z mahsulotini — avvaliga oshxona, keyinroq esa yotoqxona garniturlarini ishlab chiqara boshladi. Shu tariqa ikkita mebel fabrikasi paydo bo‘ldi. 2006-yilda mahsulotimiz “Yil tanlovi – 1-sonli oshxona” diplomini qo‘lga kiritdi.
UNIVERSITETDAN KEYIN bankir karyerasini qurishga jiddiy bel bog‘lagan edim, otam oilaviy biznes bilan shug‘ullanishimni qancha talab qilmasin, mebel biznesi haqida o‘ylab ham ko‘rmagandim. Bankdagi faoliyatimga parallel ravishda Italiyaning “FRANCESCO PARISI” transport kompaniyasi vakolatxonasi rahbari sifatida ishladim. Otam meni tez-tez Italiyaga ingliz tilidan tarjimon sifatida olib borardi. O‘sha yerda men bu kompaniya rahbariyati bilan tanishdim. 2001-yili Italiyadagi bosh ofisda amaliyot o‘tadim. Ishdagi xatolarim uchun o‘z yonimdan to‘lagan paytlarim ham bo‘lgan, biroq hamkorlarim buni sezishmagan ham. Vaqt o‘tib, tajriba orttirdim va bugungi kunda ham ushbu biznesni muvaffaqiyatli yuritishimga yordam berayotgan bilimlarga ega bo‘ldim. Eng muhimi — hech qachon o‘zingga “qo‘limdan kelmaydi...” demaslik. Hammasining iloji bor. Buning uchun qattiq xohlash va bor kuchni ishga solish kerak, xolos.
2005-yili, nomzodim boshqaruvchi lavozimiga ko‘rsatilishidan sal avval bankdan ketdim. “BRAVO” mebel salonini ochdim, bundan otam g‘oyatda xursand bo‘ldi. O‘sha vaqtga kelib mebel fabrikalaridan biriga akam rahbarlik qilardi, men esa o‘zimizning oilaviy ishlab chiqarish mahsulotlarini sota boshladim.
MARKETINGDAN universitetda bizga yaxshi o‘qituvchilar dars bergan. “BRAVO” oshxona va yotoqxona garniturlari juda tez tanilib, mashhurlikka erishdi. Men doim reklamaga katta e’tibor qaratganman. Raqobat ancha kuchli bo‘lgan sharoitda odamlar ishonadigan, taniladigan brend, nom yaratish juda muhim. Men har doim reklamadan oldingi va keyingi savdo diagrammalarini tuzaman. Va qaysi reklama eng ko‘p samara berayotganini darhol ko‘raman.
QO‘L OSTIDAGI JURNALIM – «Forbes». Menda 2004-yildan beri uning rus tilidagi butun kolleksion obunasi bor. O‘ylaymanki, biznesda muvaffaqiyatning yagona retsepti yo‘q. Nazarimda, bu — qat’iyat va muvozanat. Agar maqsad sari qat’iyat bilan intilsang, ertami-kechmi unga erishasan. Hamma ishni mantiqiy yakuniga yetkazish kerak. Buni menga otam doim o‘rgatgan. Yana bir gap — muammolaringiz haqida hammaga aytib, ularni muhokama qilish shart emas, bundan ular yo‘qolib qolmaydi. Kim haq-u kim nohaqligini aniqlashni eng befoyda ish deb bilaman. Shunchaki muammoni hal qilib, mavzuni yopish kerak. Mayli, chetdan qaraganda hammasi silliq ketayotgandek ko‘rinsin. Bunga qancha kuch sarflanayotganini esa faqat o‘zing bilasan.
SAYOHAT QILISHNI juda yaxshi ko‘raman. Vaqtim bo‘lishi bilan sayohatga chiqaman. Qayerga va qaysi mamlakatga borishim men uchun muhim emas. Hatto O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qilishdan ham katta zavq olaman. Agar Antarktidaga borish imkoni tug‘ilsa, o‘sha yerga ham borardim!
O‘G‘LIM – eng yaqin do‘stim. U olti yoshda va juda aqlli bola. Onasi ham juda aqlli bo‘lgani uchundir, balki. U o‘g‘lim bilan shug‘ullanishni juda yaxshi ko‘radi. O‘g‘lim o‘z yoshiga nisbatan astronomiya, geografiya, din haqidagi savollarga bemalol javob beradi, matematika yoki o‘qish haqida-ku, gapirmasa ham bo‘ladi. Ammo pul sanashni bilmaydi. Banknotlarda adashib ketadi. Besh yoshidan beri uni har kuni tennis o‘ynashga olib boraman, mashg‘ulotdan so‘ng esa u meni mini-barda kutib o‘tiradi. Men unga gazli ichimlik uchun doim ozroq pul beraman. Bir safar butun ming so‘mlik berdim. U esa nima qancha turishini sanab o‘tirmasdan, barmenning oldiga borib: “Shu ming so‘mning hammasiga biror narsa bering. Qaytimsiz!” debdi. U uchun pul emas, hayot sifati muhim bo‘lgan ana shunday odamcha... Agar u bobosi va otasidek tadbirkor bo‘lmasa, xafa bo‘lmayman. Uning amakisi, mening ukam ham oilaviy biznes yo‘lidan ketmadi. U Avstraliyada yashab ishlaydi. Sidney IT-texnologiyalar universitetini tamomlagan, nufuzli kompaniyada ishlaydi va ancha katta yillik daromadga ega. Balki, mening o‘g‘lim ham xuddi shunday yuqori maosh oladigan mutaxassis bo‘lar. Eng asosiysi, u ishidan zavq olib yashasa bo‘ldi. Va hayotning o‘zidan ham...

МЕБЕЛЬНЫЙ САЛОН «BRAVO»
«Никогда не говори: "не умею"...»
Мебельный салон «Bravo» был образован в 2005 году. Специализируется на продаже готовой мебели собственного производства, а также импортной продукции. Большую популярность в республике приобрели кухонные гарнитуры компании «Bravo», благодаря которым салон получил сертификат «Кухни №1 отечественного производства в Узбекистане 2006 года», организованного «Choice of the year in Uzbekistan».
При производстве мебели используются комплектующие и сырьё европейского производства высокого качества. Мебельные фабрики оснащены современным импортным оборудованием.
Главные специалисты компании проходили стажировку в Италии.
- Manzil
- 100021, г. Ташкент, ул. Фурката, 25
- Telefon
- 71 2440001, 71 2446090, (+998) 97 3301730
- Sayt
- www.bravo.uz
- info@bravo.uz